Instagram 2026-yil may oyidan boshlab shaxsiy xabarlarni boshidan oxirigacha shifrlashni qo‘llab-quvvatlashni to‘xtatadi.
Meta vakilining The Verge nashriga ma’lum qilishicha, shaxsiy xabarlardagi to‘liq shifrlashdan “juda oz odam” foydalangan. Ushbu funksiyadan foydalanishda davom etishni xohlovchilar “osongina WhatsApp’ga o‘tishlari mumkin”.
2026-yil 8-maydan boshlab qo‘llab-quvvatlash to‘xtatilishi haqidagi xabar Instagram saytining “Help Center” bo‘limidagi uzluksiz shifrlash sahifasida paydo bo‘lganiga 9To5Google nashri e’tibor qaratdi.
Agar foydalanuvchida “o‘zgarishlar ta’sir qiladigan” chatlar mavjud bo‘lsa, u mediafayllar va xabarlarni yuklab olish bo‘yicha yo‘riqnomani ko‘radi.
Ijtimoiy tarmoqning “eski versiyalari"dan foydalanuvchilardan avval ilovani yangilash talab qilinishi mumkin.
Reddit foydalanuvchilaridan biri ham uzluksiz shifrlash o‘chirilishi haqida bildirishnoma olganini yozdi.
Meta Instagram’dagi shaxsiy xabarlarda uzluksiz shifrlashni 2021-yilda sinovdan o‘tkazishni boshlagan edi, deb eslatadi The Hacker News.
Ma’lumot markaziga ko‘ra, hozirda bu funksiya faqat “ayrim hududlarda"gina mavjud.
Avvalroq Instagram ota-onalarni ogohlantirish tizimini ishga tushirishi haqida xabar berilgandi.
Mazkur tizim o‘smirlar suitsid yoki o‘zini jarohatlashga oid atamalarni qisqa vaqt ichida takroran qidirsa, ota-onalarga xabar beradi.