Ipoteka kreditlari bo‘yicha subsidiyalar to‘lashning maqsadli ko‘rsatkichlari doirasida arizalar qabuli boshlandi.
Arizalarni 16-mart kuni soat 14:00 dan boshlab Davlat xizmatlari markazlari yoki myGov mobil ilovasi hamda my.gov.uz portali orqali topshirish mumkin.
Talabgorlar ijtimoiy mezonlar asosidagi baholashda 30 va undan yuqori ball to‘plashi hamda kredit tarixi dasturda ishtirok etuvchi kamida bitta bankning ichki talablariga mos bo‘lishi kerak.
Ariza beruvchida, shu jumladan, uning turmush o‘rtog‘ining nomida mamlakat bo‘ylab mulk huquqi bilan turar joy mavjud bo‘lmasligi hamda o‘rtacha oylik daromadi belgilangan mezonlar doirasida bo‘lishi lozim.
Bunda harbiy xodimlar bevosita davlat xizmatlari markaziga murojaat qilish orqali ariza topshirishlari mumkin.
Ariza topshirish (baholash) davrida OneID tizimida ishtirok etuvchi banklarga kredit tarixini baholash uchun tegishli ma’lumotlardan foydalanishga ruxsat berilgan bo‘lishi hamda kredit tarixini olishga cheklov vaqtincha o‘rnatilmagan bo‘lishi kerak. Aks holda, kredit tarixini o‘rganish imkoniyati cheklanib, ariza rad etilishi mumkin.
Shuningdek, ariza beruvchi o‘z xohishi bilan daromadlari hisob-kitobiga yaqin qarindoshlarining ham daromadlarini kiritishi mumkin. Talabgor va uning yaqin qarindoshlarining o‘rtacha daromadi quyidagicha bo‘lishi kerak:
- Qoraqalpog‘iston va viloyatlarda — MHTEKMning 2,7 baravardan 8 baravargacha (3,431 mln — 10,168 mln so‘m);
- Toshkent shahrida — MHTEKMning 2,7 baravardan 9,2 baravargacha (3,431 mln — 11,693 mln so‘m).
Uy-joy sotib olishda ipoteka krediti bo‘yicha boshlang‘ich to‘lov va foizlarning bir qismini qoplashga budjetdan mablag‘ ajratiladi. Kredit foiz to‘lovlarining bir qismini qoplash uchun subsidiyalar Markaziy bankning asosiy stavkasidan oshgan qismiga to‘lab beriladi.
Subsidiyalar birlamchi bozordan uy-joy sotib olish uchun amal qiladi, ipoteka kreditlari bo‘yicha boshlang‘ich to‘lovni qoplashga 30 mln so‘m ajratiladi. Joriy yilgi davlat dasturi bilan 2026-yilda 30 ming nafar talabgorga subsidiya ajratish belgilangan.
Spot subsidiya uchun arizalarni qanday jo‘natish mumkinligi bo‘yicha qo‘llanma taqdim etgandi. Arizalarni havola orqali jo‘natish mumkin.
Avvalroq Toshkentdagi uy-joylarning o‘rtacha narxlarini onlayn kuzatish imkoni yaratilishi haqida xabar berilgandi.