Toshkent hokimligi yo‘l bo‘yi pulli avtoturargohlariga to‘lovlarni amalga oshirmaganlik uchun jarimalar joriy etish tarafdori. Bu haqda 12-mart kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida poytaxt hokimining transport va yo‘l infratuzilmasi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Abdurahmon Baxtiyev ma’lum qildi, deya xabar berdi Spot muxbiri.
“Jarimalar bo‘yicha qonun hali qabul qilinmagan. Shu sababli ham to‘lov intizomi juda past — biz kutgan darajadan ham past holatda qolmoqda. Biz jarima qo‘llash va uni qonunchilikka kiritish tarafdorimiz”, — dedi hokim o‘rinbosari.
Uning so‘zlariga ko‘ra, haydovchilar to‘xtash joylarini egallab, avtomobillarni bir necha kunga qoldirib ketishadi va buning uchun pul to‘lashmaydi. Natijada Toshkent shahar hokimligi ko‘zlagan maqsad — shaxsiy avtomobildan foydalanish narxini oshirishga erishilmayapti.
Shuningdek, Abdurahmon Baxtiyev agar pulli avtoturargohlar tarmog‘i kengaytirilgani bilan, avtomobil haydovchilari to‘xtash joyi uchun pul to‘lamasa, bunday ish samarali bo‘lmasligini qayd etdi.
Toshkent shahar hokimligi matbuot kotibi Gulnoza Qosimovaning qo‘shimcha qilishicha, hozirda yo‘l bo‘yi pulli avtoturargohlari uchun jarimalar va jarima to‘lagan haydovchilar ham mavjud emas. Faqat fuqarolarga to‘xtash joyi uchun to‘lov qilish kerakligi borasida xabarnoma yuboriladi.
2025-yilning oktabr oyida Toshkent shahar hokimligi prezidentga yo‘l bo‘yi pulli avtoturargohlarida to‘lovlarni amalga oshirmaganlik uchun ma’muriy javobgarlikni joriy etish va jarima maydonlarini tashkil etishni taklif qilgandi.
O‘shanda IIV YHXX matbuot kotibi Zoyir Yo‘ldoshev Spot so‘roviga javoban, hozirda qonunchilikda yo‘l chetidagi pulli to‘xtash joylariga haq to‘lamaganlik uchun javobgarlik mavjud emasligini bildirgan. Jarima faqat to‘xtashni taqiqlovchi belgi o‘rnatilgan joylarda to‘xtaganlik uchun yoki Yo‘l harakati qoidalarining 91-bandida nazarda tutilgan boshqa hollarda tayinlanadi.
Avgust oyida bloger Kirill Altman pulli avtoturargohlar operatori Poytaxt Parking maslahatchisi Sergey Marinichevga tayanib, to‘lovni amalga oshirmaganlik uchun jarima BHMning 2 baravari (824 ming so‘m) miqdorida belgilanishi rejalashtirilayotgani haqida yozgandi.
Sentabr oyida esa Toshkent shahridagi yo‘l bo‘yi pulli avtoturargohlar narxi haydovchilar orasida noroziliklarni keltirib chiqarayotgani ma’lum bo‘ldi. Avtoturargohlar bo‘lishiga qaramay, avtomobil egalari mashinalarini belgilanmagan joylarga qo‘yishni afzal ko‘rmoqda. Ularning aksariyati narxlarni yuqori hisoblaydi.
Avvalroq Spot Toshkent yomon transport tizimi tufayli yiliga $343 mln yo‘qotayotgani haqida yozgandi.