Toshkentda 2026-yil boshidan beri avtobusda yo‘l haqini to‘lamagan 26 mingdan ortiq yo‘lovchi jarimaga tortildi. Bu haqda Transport vazirligi xabar berdi.

Taʼkidlanishicha, poytaxt jamoat transportini monitoring va nazorat qilish davlat muassasasi tomonidan avtobuslarda yo‘l haqini to‘lamasdan harakatlanayotgan yo‘lovchilarga nisbatan reyd tadbirlari davom etmoqda.

16-mart holatiga nazoratchilar tomonidan avtobuslarda chiptasiz yurgan yo‘lovchilarga nisbatan 4 781 ta ma‘muriy bayonnoma rasmiylashtirildi. Yil boshidan esa jami 26 564 ta ma‘muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.

Maʼlumot uchun, mazkur qoidabuzarlik BHMning 10%i (41 200 so‘m) miqdorida jarima qo‘llanilishiga sabab bo‘ladi.

O‘tgan yilning 11 oyi davomida 19 632 ta qoidabuzarlik holati aniqlanib, yo‘l haqini to‘lamasdan harakatlangan yo‘lovchilarning har biri BHMning 10%i (41 200 so‘m) miqdorida jarimaga tortildi.

2025-yildan boshlab Toshkent shahrida avtobuslarda naqd pul qabul qilish to‘xtatildi. Hozirda to‘lovlar faqat elektron qabul qilinmoqda. Mart oyida poytaxtda avtobuslarda chiptasiz harakatlangan yo‘lovchilarga jarima qo‘llanila boshlandi. Mart-sentabr oylarida 6182 nafar qoidabuzarga nisbatan ma’muriy choralar ko‘rilgan.

1−10-dekabr kunlari chiptasiz yurgan 3 mingga yaqin yo‘lovchi jarimaga tortilgan edi.

Joriy yilning yanvarida esa poytaxtdagi avtobuslarda chiptasiz yurgan 11,5 ming nafar yo‘lovchi jarimaga tortilgan.


Spot, avvalroq, Surxondaryoda Litvaning Ollex kompaniyasi avtobus qatnovlarini yo‘lga qo‘yishi mumkinligi haqida yozgandi.