Avvalroq Namanganda yer va mol-mulk solig‘i bo‘yicha qarzdorlik 1 mln so‘mdan oshgan fuqarolarga nisbatan elektr energiyasi uchun to‘lovlarga cheklov joriy etilishi haqida xabarlar tarqalgan edi. Soliq qo‘mitasi ushbu ma‘lumotlar noto‘g‘ri talqin qilinayotganini bildirib, qo‘shimcha tushuntirish berdi.

Qayd etilishicha, qarzdorlik 1 mln so‘mdan oshgan jismoniy shaxslar ogohlantirilgandan keyin ham qarzni to‘lamasa, elektr energiyasi o‘chirib qo‘yilmaydi. Bunda faqat elektr uchun to‘lovlarni amalga oshirishga vaqtinchalik cheklov kiritiladi.

Ushbu cheklov ijtimoiy himoyaga muhtoj toifalarga tatbiq etilmaydi. Xususan, nogironligi bo‘lgan shaxslar, boquvchisini yo‘qotgan oilalar, ijtimoiy himoya reyestriga kiritilgan fuqarolar hamda qonunchilikda belgilangan boshqa imtiyozli toifalarga qo‘llanilmaydi.

Qayd etilishicha, viloyatda hozirda 1 mln so‘mdan ortiq qarzdorligi mavjud jismoniy shaxslar soni 45,8 ming nafarni tashkil etadi. Bu esa jami 531,2 ming nafar soliq to‘lovchilarning qariyb 8% iga teng.

Mazkur tizim 16-apreldan boshlab dastlab eksperiment tariqasida faqat Namanganda joriy etiladi.

Tajriba natijalaridan kelib chiqib, uni boshqa hududlarda qo‘llash yoki qo‘llamaslik bo‘yicha 1-oktabrga qadar hukumatga takliflar kiritiladi.

Tizim qanday ishlaydi?

Qarzdorlik 1 mln so‘mdan oshganda fuqaro bir necha bosqichda ogohlantiriladi: avval soliq hisoblanganligi haqida xabarnoma, undan keyin esa SMS orqali eslatma yuboriladi. Shuningdek “Soliq” mobil ilovasi va Yagona portal (my.gov.uz) orqali ham bildirishnomalar beriladi.

Shundan so‘ng, soliq organi tomonidan elektr to‘loviga cheklov kiritilishi mumkinligi to‘g‘risida SMS-xabarnoma yuboriladi. Yuborilgan havola orqali qarzdorlik qachon shakllangani va ogohlantirish qaysi bosqichda ekanligini kuzatib borish mumkin.

Barcha ogohlantirishlarga qaramay soliq qarzdorligi bartaraf etilmasa, fuqaroning elektrga to‘lov qilish imkoniyatiga vaqtinchalik cheklov kiritiladi. Qarzdorlik bartaraf etilgach esa cheklov onlayn tartibda darhol bekor qilinadi.

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazining Spot‘ga maʼlum qilishicha, mazkur sinovdan maqsad — qarzdorliklarni keskin kamaytirish va soliq tushumlarining o‘z muddatida to‘lab borilishini taʼminlash.

Elektr uchun cheklovlar

O‘tgan yilning iyun oyida Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida mutasaddilarga mahallalarda yer, mol-mulk, suv soliqlarini undirishning yangi mexanizmini ishlab chiqish topshirildi. Prezident bu soliqlar mahalliy budjetda qoldirilayotganiga qaramay, ularni uyma-uy yurib undirishga soliqchilarning 70−80% vaqti ketishini qayd etdi.

Avgust oyida Soliq qo‘mitasi raisining sobiq birinchi o‘rinbosari Mubin Mirzayev soliq to‘lovchilar masʼuliyatini oshirish uchun yer va mol-mulk soliqlari maʼmurchiligi billing tizimiga integratsiya etilishini ma’lum qildi.

Noyabr oyida Toshkentda chiqindi to‘lovidan qarzdor iste’molchilarga elektr uchun to‘lovlar cheklana boshlandi. Agar abonent ogohlantirish olganidan keyin 5 kun ichida qarzni to‘lamasa, cheklovlar joriy etiladi. Bu tartib dekabrdan boshlab butun O‘zbekiston bo‘ylab amal qilishi belgilangan.


Spot, avvalroq, O‘zbekistonda sutkalik elektr energiyasi iste‘moli bo‘yicha rekord yangilangani haqida yozgandi.