Yaqin kunlarda Toshkent shahrida “aqlli bekatlar” paydo bo‘ladi. Bu haqda Yo‘l harakatini tashkil etish markazi xabar bermoqda.

Poytaxtda jamoat transporti tizimini “yana-da zamonaviy va qulay qilish” maqsadida “Aqlli bekatlar"ni o‘rnatish boshlanadi. Markazga ko‘ra, innovatsion bekatlarda xavfsizlik va qulaylik birinchi o‘rinda bo‘ladi.

Bunda har bir bekat markazlashgan kuzatuv tizimiga ulangan 2 ta videokamera bilan jihozlanadi, favqulodda holatlar uchun “SOS” tugmasi o‘rnatiladi hamda imkoniyati cheklangan fuqarolar uchun maxsus kutish joyi tashkil etiladi.

Shuningdek, bekatlarda avtobuslar harakat jadvalini ko‘rsatuvchi elektron monitorlar, tezkor xaridlar uchun vending qurilmalari ham o‘rnatiladi.

YHTEM “aqlli bekatlar” qayerlarda o‘rnatilishiga oid batafsil ma’lumotlarni yaqin orada e’lon qilinishini bildirdi.

aqlli bekat, bekatlar, dolzarb 90 kunlik, toshkent shahri, yo‘l harakatini tashkil etish markazi

Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva fevral oyi oxirida poytaxtda transport boshqaruvini takomillashtirish ishlari yo‘lga qo‘yilganini ma’lum qilgandi.

Undan keyin Toshkent shahar hokimligi poytaxtda yo‘l harakatini yaxshilash maqsadida “Dolzarb 90 kunlik” e’lon qildi. Uning doirasida eng tirband 472 km yo‘l aniqlanib, svetofor va yo‘l belgilarini yangilash, yo‘l chiziqlarini takomillashtirish, bekatlarni modernizatsiya qilish hamda avtoturargohlarni tartibga solish ishlari amalga oshiriladi. Shuningdek, yo‘l bo‘yidagi savdo shoxobchalari optimallashtirilib, yo‘llardagi chuqurlar ta’mirlanadi.

Bekatlardagi do‘konlar demontaji

Mart oyi boshida Toshkentda barcha avtobus bekatlaridagi do‘konlar olib tashlanishi ma’lum qilindi. O‘rganishlarda avtobus bekatlaridagi 110 ta savdo do‘konining 61 tasida egalik huquqini beruvchi hujjatlari yo‘qligi aniqlandi.

Undan keyin Biznes-ombudsman Toshkentda elektromobillarni zaryadlash stansiyalarining elektr tarmog‘idan uzilishi hamda bekatlarda joylashgan ayrim tadbirkorlarning faoliyatiga to‘sqinlik qilinayotgani borasidagi holatlarga munosabat bildirdi. Tadbirkorlar vakili bu bo‘yicha kelib tushgan murojaatlar asosida o‘rganish ishlari olib borilayotgani, agar vakolatli organlar tomonidan asossiz xatti-harakatlar aniqlansa, aybdor mansabdor shaxslarga nisbatan tegishli ta‘sir choralari ko‘rilishini ma‘lum qildi.

Yaqinda Yo‘l harakatini tashkil etish markazi jamoat transporti bo‘limi boshlig‘i Olloyor Norbo‘tayev avtobus bekatlaridagi do‘konlar sud qarorlari asosida buzilayotganini ma’lum qildi.

“Dolzarb 90 kunlik” doirasida 472 km yo‘lning 100 km qismi tanlab olingan bo‘lib, bu hududdagi 380 ta bekatdan 120 tasida 1995−2005-yillarda qurilgan do‘konlar mavjud. Ularning yarmida noqonuniy qurilmalar aniqlangan. Tadbirkorlarga savdo nuqtalarini turistik ko‘chalarga ko‘chirish taklif etilmoqda, bekatlardagi do‘konlar faoliyati esa huquq-tartibot idoralari tomonidan tekshirilmoqda.

Shuningdek, bekatlardagi savdo do‘konlari buzilishida jamoatchilik nazoratini o‘rnatish taklif qilindi. NNTlar tadbirkorlarga kompensatsiya to‘lash tartibini birgalikda ishlab chiqishga chaqirmoqda.

Avvalroq Spot Toshkent yomon transport tizimi tufayli yiliga $343 mln yo‘qotayotgani haqida yozgandi.