Aholidan soliq qarzdorligini undirish yangi tartibda amalga oshiriladi. Bu haqda Soliq qo‘mitasi matbuot xizmati xabar bermoqda.

Endi jismoniy shaxslarning yer va mol-mulk solig‘i bo‘yicha qarzdorligini undirishda elektr energiyasining billing tizimi mexanizmi qo‘llaniladi.

Bunda umumiy summasi 1 mln so‘mdan oshadigan soliq qarzi mavjud bo‘lsa, elektr energiyasiga to‘lovlarni amalga oshirishda vaqtinchalik cheklov qo‘yilishi mumkin.

Shundan kelib chiqib, “Soliq billing” avtomatlashtirilgan axborot tizimi ishlab chiqildi hamda 16-apreldan boshlab Namangan viloyatida eksperiment tarzida joriy etildi. Uni mamlakatning qolgan hududlarida eksperiment natijalari asosida ishga tushirish belgilangan.

Tizim qanday ishlaydi?

Unga ko‘ra, qarzdorlik 1 mln so‘mdan oshganda fuqaro bir necha bosqichda ogohlantiriladi: avval soliq hisoblanganligi haqida xabarnoma, undan keyin esa SMS orqali eslatma yuboriladi. Shuningdek “Soliq” mobil ilovasi va Yagona portal (my.gov.uz) orqali ham bildirishnomalar beriladi.

Shundan so‘ng, soliq organi tomonidan elektr to‘loviga cheklov kiritilishi mumkinligi to‘g‘risida SMS-xabarnoma yuboriladi. Yuborilgan havola orqali qarzdorlik qachon shakllangani va ogohlantirish qaysi bosqichda ekanligini kuzatib borish mumkin.

Barcha ogohlantirishlarga qaramay soliq qarzdorligi bartaraf etilmasa, fuqaroning elektrga to‘lov qilish imkoniyatiga vaqtinchalik cheklov kiritiladi. Qarzdorlik bartaraf etilgach esa cheklov onlayn tartibda darhol bekor qilinadi.

2025-yilning noyabr oyida qabul qilingan prezident qarori bilan ushbu tizimni 2026-yilning 1-yanvaridan boshlab Namangan viloyatida joriy etish belgilangandi. Soliq qo‘mitasi sinov natijalari asosida kelasi yilning 1-oktabrigacha qolgan hududlarda ham ushbu tizimni joriy etish bo‘yicha takliflarni hukumatga kiritishi kerak.

Hududiy elektr tarmoqlari matbuot xizmati soliq qarzdorligini undirish bo‘yicha yangi mexanizm HET billing tizimi doirasida joriy etilishini Spot’ga tasdiqlagandi. Bu tizim ham chiqindidan qarzdorlik uchun elektr energiyasiga to‘lovlarni cheklash tartibida ishlaydi.

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazining Spot‘ga maʼlum qilishicha, mazkur sinovdan maqsad — qarzdorliklarni keskin kamaytirish va soliq tushumlarining o‘z muddatida to‘lab borilishini taʼminlash.

2025-yil 12-iyul holatiga ko‘ra, Namangan viloyatida mol-mulk va yer solig‘idan qarzdorligi mavjud bo‘lgan jismoniy shaxslarning soni 369 ming nafarni tashkil etadi. Shundan 43,4 ming nafari (12%) ning qarzdorligi 1 mln so‘mdan oshgan.

O‘tgan yilning iyun oyida Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida mutasaddilarga mahallalarda yer, mol-mulk, suv soliqlarini undirishning yangi mexanizmini ishlab chiqish topshirildi. Prezident bu soliqlar mahalliy budjetda qoldirilayotganiga qaramay, ularni uyma-uy yurib undirishga soliqchilarning 70−80% vaqti ketishini qayd etdi.

Avgust oyida Soliq qo‘mitasi raisining sobiq birinchi o‘rinbosari Mubin Mirzayev soliq to‘lovchilar masʼuliyatini oshirish uchun yer va mol-mulk soliqlari maʼmurchiligi billing tizimiga integratsiya etilishini ma’lum qildi.

Noyabr oyida Toshkentda chiqindi to‘lovidan qarzdor iste’molchilarga elektr uchun to‘lovlar cheklana boshlandi. Agar abonent ogohlantirish olganidan keyin 5 kun ichida qarzni to‘lamasa, cheklovlar joriy etiladi. Bu tartib dekabrdan boshlab butun O‘zbekiston bo‘ylab amal qilishi belgilangan.

Avvalroq Spot O‘zbekiston blogerlar daromadlari ustidan soliq nazorati bo‘yicha Rossiya tajribasini o‘rganayotgani haqida yozgandi. Soliq qo‘mitasi tajriba almashish kelgusida soliq organlari faoliyatida uni qo‘llash imkonini berishini kutmoqda.