Uzbekistan Airways Navro‘z va Ramazon Hayiti munosabati bilan chegirma e’lon qildi.
Bayram munosabati bilan aviakompaniya barcha mahalliy aviaqatnovlar uchun biznes va ekonom-klass tariflariga 15% gacha chegirma taqdim etadi.
Unga ko‘ra, chiptalarni 17−23 mart kunlari xarid qilish mumkin, parvozlar esa 20−23 mart oralig‘ida amalga oshiriladi.
Aviakompaniya chegirma faqat tarifga taalluqli ekanligini, soliqlar va yig‘imlar qo‘shimcha ravishda to‘lanishini ma’lum qildi.
Avvalroq Spot Uzbekistan Airways 2030-yilgacha aviaparkini kamida ikki barobarga ko‘paytirmoqchi ekanligi haqida yozgandi.
Hozirda aviakompaniya ixtiyorida 47 ta havo kemasi mavjud. Joriy yilda to‘rtta yangi samolyot lizingga olinishi kutilmoqda.
2022-yilning kuzida O‘zbekiston Airbus bilan Uzbekistan Airways uchun 694,3 mln yevro evaziga 12 ta samolyot — sakkizta A320neo va to‘rtta A321neo, shuningdek, 21 mln yevro evaziga ikkita H145 vertolyotini yetkazib berish bo‘yicha shartnoma imzolagan edi. Yana beshta ATR-72 samolyoti Silk Avia mintaqaviy aviatashuvchisi uchun mo‘ljallangan edi.
O‘tgan yilning sentabr oyida Uzbekistan Airways Boeing bilan 22 ta Boeing 787−9 Dreamliner samolyotini sotib olish bo‘yicha shartnoma tuzdi. Ularni yetkazib berish 2030-yil oxirida boshlanib, 3−4 yil davom etadi. Aviakompaniya bitimni moliyalashtirish uchun kredit mablag‘larini jalb qiladi.
Oktabr oyida Shavkat Mirziyoyev fuqaro aviatsiyasi sohasidagi davlat siyosatini takomillashtirish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi va 2030-yilgacha rivojlanishning asosiy maqsadli ko‘rsatkichlarini belgilab berdi:
- mahalliy aviakompaniyalarning jami samolyot parkini 180 taga yetkazish;
- mahalliy va xalqaro reyslar yillik sonini 200 mingtaga yetkazish;
- yo‘lovchilar oqimini yiliga 24 mln kishiga yetkazish.
Avvalroq Uzbekistan Airways reyslar o‘sishi pasayganini samolyotlar yetishmasligi bilan izohlagandi.