Avvalroq endi ko‘chmas mulk va ayrim transport vositalari oldi-sotdisida hisob-kitoblar naqdsiz shaklda amalga oshirilishi haqida xabar berilgandi.
Adliya vazirligi tarmoqlarda mazkur holat bo‘yicha turli fikrlar bildirilayotgani bois tushuntirish berdi.
Taʼkidlanishicha, ushbu tartib sotuvchi va xaridor o‘rtasidagi hisob-kitoblarni aniq va ishonchli amalga oshirishga xizmat qiladi.
Bunda fuqarolarga qulaylik yaratish, xizmatlar sifatini oshirish hamda hisob-kitoblarni xavfsiz va shaffof qilish asosiy maqsad hisoblanadi.
Ko‘chmas mulk va transport vositalarini rasmiylashtirish tartibi o‘zgarmasligi muhim omil ekani aytildi. Barcha jarayonlar avvalgidek notarius orqali amalga oshiriladi.
Vazirlik hisob-kitoblar bank orqali amalga oshirilishi nimani anglatishini tushuntirdi.
“Oldin tomonlar o‘zaro og‘zaki kelishib, naqd pul orqali hisob-kitob qilgan bo‘lsa, endi bu jarayon bank hujjatlari orqali rasmiy tasdiqlanadi. Bu esa kelajakda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan nizolarning oldini olishga yordam beradi”, — deyiladi izohda.
Maʼlum qilinishicha, agar shartnoma tasdiqlanmasa, eskrou hisob raqamiga kirim qilingan pul mablag‘lari fuqaroning so‘roviga asosan qaytarib beriladi.
Yangi tartib natijasida firibgarlik holatlarining oldi olinib, hisob-kitoblar aniq va ishonchli bo‘ladi. Shu bilan birga, fuqarolarning mulkiy huquqlari himoya qilinadi.
Bundan avval Markaziy bank eskrou tizimi orqali amalga oshiriladigan bitimlar bo‘yicha xizmatlar uchun undiriladigan komissiyalar haqida ma’lumot bergandi.
Bunda ushbu xizmatlar uchun olinadigan haq quyidagicha belgilanadi:
- Ko‘chmas mulk oldi-sotdisi uchun — BHMning 50%i (206 ming so‘mgacha);
- Avtomobillar uchun — BHMning 25%i (103 ming so‘mgacha).
Naqdsiz hisob-kitob
2024-yilning aprel oyida e’lon qilingan prezidentning yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirishga qaratilgan qarori loyihasi bilan ulgurji savdoni to‘liq naqd pulsiz hisob-kitobga o‘tkazish taklif qilingandi.
Loyiha bilan 2024-yilning 1-mayidan uy-joy, ko‘chmas mulk va avtomobil savdosi faqat naqd pulsiz hisob-kitoblar asosida amalga oshirilishi belgilanib, mazkur operatsiyalar doirasida komissiya to‘lovlari bekor qilinishi nazarda tutilgandi.
2025-yilning iyun oyida Soliq qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Mubin Mirzayev xufiyona iqtisodiyotga qarshi kurashish bo‘yicha prezident qarori loyihasi ishlab chiqilgani, u naqdsiz hisob-kitoblarni rag‘batlantirishga qaratilganini ma’lum qildi.
Dekabr oyiga kelib prezident naqdsiz hisob-kitoblarni ommalashtirish va yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirish bo‘yicha farmonni imzolagandi. Unda 1-apreldan avtomobil va ko‘chmas mulk uchun to‘lovlar faqat naqd pulsiz amalga oshirilishi belgilangandi.
Spot, avvalroq, fevralda O‘zbekistonda ikkilamchi uy-joy narxlari qariyb 9% ga oshgani haqida yozgandi.