O‘zbekistonda tashqi va chakana savdoda kriptovalyuta to‘lovlari sinovdan o‘tkazilmoqda. Bu haqda 18-mart kuni Istiqbolli loyihalar milliy agentligi (ILMA) direktorining birinchi o‘rinbosari Vyacheslav Pak jurnalistlar bilan bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ma’lum qildi, deya xabar bermoqda Spot muxbiri.
“Bizda amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan [loyihalarda kriptovalyuta to‘lovlarini] sinovdan o‘tkazish rejalari bor. Birinchi — blokcheyn asosidagi tarqatilgan registrga asoslangan to‘lov tizimini yaratish. Ikkinchi — xorijiy savdo hisob-kitoblarida foydalanish. Uchinchi — chakana savdoda qo‘llash”, — dedi u.
Vyacheslav Pakning ta’kidlashicha, steyblkoinlardan foydalanish vositachilarni chiqarib tashlash, tranzaksiya xarajatlarini kamaytirish va hisob-kitob tezligini sezilarli darajada oshirish imkonini beradi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, an’anaviy xorijiy savdo operatsiyalarida SWIFT interbank tizimi orqali pul o‘tkazish 3 kundan bir haftagacha vaqt olishi mumkin.
“Agar blokcheynga asoslangan to‘lov tizimi yaratilsa, operatsiyalar barcha vositachilarni chetlab o‘tib, tom ma’noda bir necha daqiqa yoki soniyalarni oladi. Siz hozir hisob-kitoblar qanday amalga oshirilayotganini bilasiz: „A“ bank mablag‘larni „B“ bankiga o‘tkazadi va har bir bosqichda o‘z komissiyasi paydo bo‘ladi. Bu yerda vositachilarni chiqarib tashlash orqali komissiya va tranzaksiya xarajatlari minimallashtiriladi”, — dedi Pak.
2025-yil noyabr oyida Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonda moliyaviy texnologiyalar sohasini rivojlantirish to‘g‘risidagi qarorni imzoladi. U steyblkoinlardan foydalangan holda to‘lovlar sohasida maxsus huquqiy rejim (“qumdon”) ni ishga tushirishni nazarda tutadi.
Mart oyida ILMA O‘zbekiston hududida kriptovalyuta bilan bog‘liq xizmatlarni reklama qilish talablarini yangiladi. Yangi tahrirga ko‘ra, kompaniyalar kriptoaktivlar O‘zbekistonda to‘lov vositasi emasligini ko‘rsatishi kerak (qonunchilik hujjatlarida belgilangan hollar bundan mustasno).
Avvaroq Buxoro viloyatida 3,5 mlrd so‘mlik kriptovalyuta aylanmasini amalga oshirgan shaxs ushlangani haqida xabar berilgandi.
Gumonlanuvchi 2024-yil sentabridan buyon Binance kriptobirjasi orqali 874 ta tranzaksiya o‘tkazgan.