Energetika vazirligi matbuot xizmati Farg‘ona vodiysidagi avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalari (AGTKSH) qachon to‘liq ochilishini ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, vodiy viloyatlaridagi metan “zapravka"lar faoliyati bosqichma-bosqich tiklanmoqda va 19-mart kunidan boshlab uzluksiz ishlay boshlaydi.
Hozirda mamlakatning boshqa hududlaridagi shoxobchalar uzluksiz faoliyat yuritmoqda. Ular 17-mart kuni soat 10:00 dan boshlab cheklovlarsiz ishlay boshlagandi.
Mart oyi boshida havo harorati pasayishi sababli metan “zapravkalar” faoliyatiga vaqtincha cheklovlar kiritila boshlandi.
Havo harorati pasayishi sababli 10-mart kuni soat 16:00 dan boshlab metan “zapravkalar” faoliyatiga vaqtincha cheklov joriy etilishi aytilgandi. 12-mart kuni ham “zapravka"lar ijtimoiy soha va jamoat transporti uchun faoliyat yuritgan edi.
O‘tgan shanba-yakshanba kunlari ham AGTKSHlar kun davomida oltidan soat ishlagandi.
Avvalroq 16-martdan boshlab tabiiy gaz uchun belgilangan qishki limit tugagani haqida xabar berilgandi. 31-martgacha qo‘shimcha 50 kub metr gaz uchun pasaytirilgan tarif — 1000 so‘mdan to‘lash mumkin.