Shavkat Mirziyoyev jamoatchilik vakillari bilan birga yangi Hyundai Rotem yuqori tezlikda harakatlanuvchi poyezdida Samarqand shahridan Narpay tumaniga keldi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Jaloliddin Manguberdi nomi bilan atalgan ushbu poyezd mamlakatga yetkazib berilishi rejalashtirilgan oltita Hyundai Rotem poyezdlaridan birinchisi hisoblanadi. Poyezd yetti vagondan iborat, soatiga 260 kilometrgacha tezlikda harakatlana oladi.
Oynalari qoraytirilgan oq rangli tarkib O‘zbekiston bayrog‘ini eslatuvchi moviy, yashil va qizil rangli chiziqlar hamda Jaloliddin Manguberdi yozuviga ega. Poyezdning uzunligi 175 metrni, sig‘imi esa uchta — VIP, biznes va ekonom toifalarida 390 nafarga yaqin yo‘lovchini tashkil etadi.
Poyezd O‘zbekiston iqlimi uchun maxsus ishlab chiqilgan bo‘lib, changga, juda yuqori va juda past haroratlarga hamda qum bo‘ronlariga chidamli tizimlar bilan jihozlangan, uzoq masofalarga mo‘ljallangan.
Yaqin orada mazkur poyezd Toshkent-Urganch-Xiva yo‘nalishi bo‘ylab qatnay boshlaydi. Qatnov vaqti 7 soatni tashkil etishi kutilmoqda.



Safar chog‘ida davlat rahbari viloyat faollari, mehnat faxriylari va ilg‘or yoshlar bilan suhbatlashdi.
Narpayga kelgach, prezident gidroponika usulida tashkil etilgan qulupnaychilik issiqxonasi faoliyati bilan tanishdi.
Narpay qulupnay korxonasi gidroponika usulida mahsulot yetishtirmoqda.
Loyihaning umumiy qiymati $650 mingni tashkil etib, bir gektar maydonda issiqxona barpo etilgan. Unda yiliga 50 tonna qulupnay yetishtirish imkoniyati mavjud.
Ayni paytda korxona Narpay qulupnaylari brendi ostida mahsulotlarini mahalliy yirik savdo tarmoqlariga yetkazib bermoqda.
Gidroponika texnologiyasi asosida qulupnay tuproqsiz, maxsus ozuqaviy eritmalar yordamida parvarishlanadi. O‘simlik ildizlari yerda emas, balki suvni yaxshi o‘tkazuvchi kokos qipig‘i muhitida rivojlanadi.
Bunda qulupnay zarur mineral moddalarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri suv orqali qabul qiladi. Bu esa o‘simlikning energiya sarfini kamaytirib, o‘sish jarayonini tezlashtiradi. Hosildorlik anʼanaviy usullarga nisbatan bir necha baravar yuqori bo‘ladi.
Shu bilan birga, gidroponika texnologiyasi kichik maydonda katta hajmda mahsulot yetishtirish imkoniyatini yaratadi. Tuproqdan foydalanilmasligi tufayli suv sarfi 80% gacha kamayadi. O‘simlik kasalliklari xavfi past bo‘lgani sababli kimyoviy vositalardan foydalanish minimal darajaga tushiriladi.
Issiqxonada suv tejamkor texnologiyalar joriy etilgan. Xususan, yomg‘ir suvini to‘plash va undan samarali foydalanish maqsadida katta sig‘imli suv havzasi barpo qilingan. Shuningdek, avtomatlashtirilgan gidroponika uskunalari, quyosh panellari va energiya tejamkor yoritish tizimlari o‘rnatilgani ishlab chiqarish xarajatlarini kamaytirmoqda.





Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yil davomida barqaror yetkazib berishni taʼminlashda bunday loyihalarning ahamiyati alohida ekani taʼkidlandi. Tadbirkorning istiqboldagi rivojlanish rejalari haqida ham maʼlumot berildi.
Xususan, kelgusida loyihani kengaytirish, qo‘shimcha ravishda 60 gektar maydonda yangi issiqxonalar barpo etish rejalashtirilgan. Buning natijasida ishlab chiqarish hajmi yiliga 300 ming tonnagacha oshadi. Yangi ish o‘rinlari yaratiladi.
Davlat rahbari bunday usuldagi issiqxonalarni aholi xonadonlarida ham ko‘paytirish orqali barqaror daromad manbalarini yaratish muhimligini ta‘kidladi.
“Bugun barcha sohada bo‘lgani kabi mazkur yo‘nalishda ham sun‘iy intellektdan samarali foydalanish zarur. Agar ishlar to‘g‘ri tashkil etilib, odamlarni bu ish bilan shug‘ullanishga o‘rgatsak va buni Narpay tajribasi sifatida keng ommalashtirsak, xalqimiz gidroponika usulida yil davomida hosil yetishtirib bozorni ham to‘ldiradi, yaxshigina daromad ham qiladi”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Hyundai Rotem poyezdi
10-dekabr kuni Janubiy Koreyaning Changvon shahridagi Masan portidan O‘zbekistonga yuqori tezlikda harakatlanuvchi Hyundai Rotem poyezdlarining birinchi partiyasi jo‘natildi. Kompaniya 2027-yilgacha qolgan 35 ta vagonni (besh tarkibni) yetkazib berishni rejalashtirmoqda.
Temiryo‘lekspress matbuot kotibi Sanjar Abduxalilovning ma’lum qilishicha, birinchi poyezd 2026-yil boshida kelishi kutilmoqda. Keyin yuqori tezlikdagi poyezd uch oylik dinamik sinovlardan o‘tkaziladi. Birinchi tijorat reysi 2026-yilning ikkinchi choragiga (aprel-iyun) ko‘zda tutilgan.
Dekabr oyi oxirida mazkur tezyurar poyezdlar O‘zbekistonga multimodal yo‘l bilan yetkazilayotgani haqida xabar berilgandi.
Toshkent-Xiva tezyurar poyezdi 2026-yil martidan keyin ishga tushirilishi aytilgandi.
Joriy yilning fevralida tarmoqlarda Hyundai Rotem poyezdlari O‘zbekistonda texnik sinovdan o‘tkazilayotgani haqida xabarlar tarqalgandi.
Spot, avvalroq, Samarqandga 150 ta yangi elektrobus xarid qilish uchun YTTBdan $120 mln jalb qilinishi haqida yozgandi.







