2-maydan Toshkent-Xiva yo‘nalishida Hyundai Rotem tezyurar poyezdi qatnay boshlaydi. Bu haqda Sinchalak Telegram-kanali bosh vazir o‘rinbosari Ochilboy Ramatovga tayanib xabar berdi.

Bugun Shavkat Mirziyoyev jamoatchilik vakillari bilan birga Samarqanddan Narpay tumaniga yangi Hyundai Rotem poyezdida borgandi.

Jaloliddin Manguberdi nomi bilan atalgan ushbu poyezd mamlakatga yetkazib berilishi rejalashtirilgan oltita Hyundai Rotem poyezdlaridan birinchisi hisoblanadi. Poyezd yetti vagondan iborat, soatiga 260 kilometrgacha tezlikda harakatlana oladi.

Oynalari qoraytirilgan oq rangli tarkib O‘zbekiston bayrog‘ini eslatuvchi moviy, yashil va qizil rangli chiziqlar hamda Jaloliddin Manguberdi yozuviga ega. Poyezdning uzunligi 175 metrni, sig‘imi esa uchta — VIP, biznes va ekonom toifalarida 390 nafarga yaqin yo‘lovchini tashkil etadi.

Poyezd O‘zbekiston iqlimi uchun maxsus ishlab chiqilgan bo‘lib, changga, juda yuqori va juda past haroratlarga hamda qum bo‘ronlariga chidamli tizimlar bilan jihozlangan, uzoq masofalarga mo‘ljallangan.

Prezident matbuot xizmati Jaloliddin Manguberdi poyezdi Toshkent-Urganch-Xiva yo‘nalishida yaqin kunlarda qatnovni boshlashini ma‘lum qildi.

Natijada yo‘lga ketadigan vaqt deyarli ikki baravarga — 14 soatdan 7 soatga qisqarishi kutilmoqda.

Hyundai Rotem poyezdi

10-dekabr kuni Janubiy Koreyaning Changvon shahridagi Masan portidan O‘zbekistonga yuqori tezlikda harakatlanuvchi Hyundai Rotem poyezdlarining birinchi partiyasi jo‘natildi. Kompaniya 2027-yilgacha qolgan 35 ta vagonni (besh tarkibni) yetkazib berishni rejalashtirmoqda.

Temiryo‘lekspress matbuot kotibi Sanjar Abduxalilovning ma’lum qilishicha, birinchi poyezd 2026-yil boshida kelishi kutilmoqda. Keyin yuqori tezlikdagi poyezd uch oylik dinamik sinovlardan o‘tkaziladi. Birinchi tijorat reysi 2026-yilning ikkinchi choragiga (aprel-iyun) ko‘zda tutilgan.

Dekabr oyi oxirida mazkur tezyurar poyezdlar O‘zbekistonga multimodal yo‘l bilan yetkazilayotgani haqida xabar berilgandi.

Toshkent-Xiva tezyurar poyezdi 2026-yil martidan keyin ishga tushirilishi aytilgandi.

Joriy yilning fevralida tarmoqlarda Hyundai Rotem poyezdlari O‘zbekistonda texnik sinovdan o‘tkazilayotgani haqida xabarlar tarqalgandi.


Spot, avvalroq, Samarqandga 150 ta yangi elektrobus xarid qilish uchun YTTBdan $120 mln jalb qilinishi haqida yozgandi.