Ilk qo‘shma qadam sifatida Ramazon oyida yuzlab ehtiyojmand oilalarga manzilli yordam ko‘rsatildi. OSON fintex-xoldingi va O‘zbekiston volontyorlar assotsiatsiyasi hamkorlik memorandumini imzoladi. Ushbu sheriklik xayriya ishlarini tizimli rivojlantirish va keng ko‘lamli ijtimoiy tashabbuslarni ilgari surish uchun asos bo‘ladi.
Memorandum tomonlarning mavjud resurslarni birlashtirishga bo‘lgan intilishini rasman tasdiqlaydi. Unga ko‘ra, OSON texnologik va moliyaviy ko‘mak beradi, volontyorlar assotsiatsiyasi esa ekspert hamda tashkiliy hamkor sifatida ishtirok etadi.

Bunda “BTS Post"ning faol ishtiroki muhim rol o‘ynadi — hamkorning logistika ko‘magi rejalarni tezkorlik bilan amalga oshirish imkonini berdi. Birinchi qo‘shma tashabbus muqaddas Ramazon oyiga bag‘ishlangan keng ko‘lamli loyiha bo‘ldi. Ushbu davrda OSON xoldingi “BTS Post” ko‘magida ehtiyojmand oilalarga manzilli yordam ko‘rsatib, alohida e’tiborga muhtoj bolalarning 50 dan ortiq istaklarini bajo keltirdi.
Kuryerlik xizmatining tizimli ishi tufayli har bir sovg‘a va zarur ko‘mak mamlakat bo‘ylab o‘z egalariga vaqtida yetkazildi. Shuningdek, kompaniya ro‘zadorlarni qo‘llab-kuvvatlashga ham alohida e’tibor qaratdi. Loyiha doirasida OSON iftorlik uchun suv va xurmo tarqatishni tashkil qildi. Ushbu tashabbus jamoat joylarida o‘zaro g‘amxo‘rlik va birdamlik muhitini yaratishga xizmat qildi.

“OSON uchun ijtimoiy mas’uliyat nafaqat korporativ madaniyatimizning bir qismi, balki uzoq muddatli strategiyamizdir. Biznes sifatida imkoniyatlarimiz ko‘ngillilar jamoasining professional tajribasi bilan to‘ldirilishi biz uchun muhim. Memorandumning imzolanishi ijtimoiy loyihalarni yanada shaffof, keng ko‘lamli va eng asosiysi, jamiyat uchun samarali qilish imkonini beradi”, — dedi OSON bosh direktori Founder|CEO Farhod Mahmudov.
Mazkur hamkorlik va Ramazon oyidagi loyihalarning muvaffaqiyatli boshlanishi OSON kompaniyasining ijtimoiy mas’uliyatni kuchaytirish borasidagi izchil harakatlarini ifodalaydi. Tomonlar O‘zbekistonda ko‘ngillilar harakatini qo‘llab-quvvatlash uchun yangi raqamli formatlarni joriy etishni va qo‘shma amaliyotlarni kengaytirishni rejalashtirmoqda.
Reklama huquqlari asosida.