Shavkat Mirziyoyev Samarqand shahrida jamoat transporti uchun olib kelingan zamonaviy elektrobuslar va quvvatlash stansiyasi faoliyati bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Samarqand shahriga birinchi bosqichda $49 mln hisobiga 100 ta zamonaviy elektrobus olib kelindi. Mazkur Yutong rusumli elektrobuslar 30 o‘rinli bo‘lib, umumiy sig‘imi 75 nafar yo‘lovchidan iborat.
Yangi avtobuslar uchun 4 gektarga yaqin maydonda avtosaroy tashkil etilgan. Bu yerdagi elektrobuslarni quvvatlash stansiyasida bir vaqtning o‘zida 50 ta jamoat transportiga xizmat ko‘rsatish imkoniyati yaratildi.
Elektrobuslar uchun barpo etilgan yopiq turargohda texnik xizmat ko‘rsatish uchun mobil taʼmirlash texnikasi ham mavjud. Elektrobuslar shaharning 9 ta yo‘nalishida brutto-shartnoma asosida harakatlanib, kuniga 70 mingga yaqin yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatmoqda.
Loyihaning ikkinchi bosqichida esa yana 250 ta elektrobus xarid qilish nazarda tutilgan. Buning uchun Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankidan $120 mln mablag‘ jalb qilish rejalashtirilgan. Natijada yoqilg‘i sarfi 32 ming litr, zararli gazlar miqdori 27 tonnaga kamayadi.
Bugungi kunda avtosaroyda 265 nafar xodim mehnat qilmoqda. Yangi elektrobuslarning olib kelinishi jarayonida esa yana 500 dan ziyod ish o‘rinlari yaratiladi.




Prezident yangi avtobuslarni ko‘zdan kechirdi.
“Mazkur sohaning iqtisodiy barqarorligini oshirish uchun elektrobuslarga xizmat ko‘rsatadigan, ularni taʼmirlaydigan mutaxassislarni tayyorlash bo‘yicha Samarqand tajribasini yaratishimiz kerak”, — dedi davlat rahbari.
Shu yerning o‘zida Samarqand shahrida jamoat transportini rivojlantirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar, jumladan, avtobuslar harakatini boshqarish jarayonlarini raqamlashtirish yuzasidan taqdimot o‘tkazildi.
Prezident tashrif asnosida mazkur hududga yondosh bo‘lgan Gagarin va Rudakiy ko‘chalari kesishmasida barpo etilgan yo‘l o‘tkazgichni ham ko‘zdan kechirdi. Uzunligi 600 metrni tashkil etgan tunnel $12 mln hisobiga barpo etilgan, bir kunda o‘rtacha 50 mingta transport vositasini o‘tkazishi mumkin.
Ko‘cha bo‘ylariga elektron shaklda boshqariladigan tungi yoritish tizimi, yer osti piyodalar yo‘lagi barpo etilgan.
Tunnel Xitoy va Turkiya qurilish kompaniyalari bilan hamkorlikda barpo etildi. Devorlari zamonaviy qurilish texnologiyasidan foydalangan holda burg‘ilash usuli orqali tirgak devorlari barpo etilgan.
Mazkur qurilish transport vositalari harakati to‘xtatilmagan holda olib borildi. Hudud ko‘kalamzorlashtirilib, manzarali daraxt ko‘chatlari o‘tqazildi.
Avvalroq Samarqanddagi sobiq harbiy gospital o‘rnida Yoshlar kreativ parki tashkil etilgani haqida xabar berilgandi.



