Samsung mobil qurilmalar bo‘linmasida “favqulodda boshqaruv” rejimini joriy qildi, deb yozadi Janubiy Koreyaning Fnnews nashri.
Bungacha televizorlar va maishiy texnika bo‘linmalari ham “inqiroz rejimi"ga o‘tkazilgan edi.
Asosiy sabab — xotira chiplari narxining keskin oshishi tufayli marjinallikning pasayib ketishidir. Nashr keltirgan hisob-kitoblarga ko‘ra, bir yil ichida ularning narxi 850% ga qimmatlashgan. Yana bir muammo — Yaqin Sharqdagi mojaro sababli logistika zanjirlarining buzilishidir.
Galaxy S26 smartfoniga oldindan buyurtmalar soni rekord darajada bo‘lishiga qaramay, kompaniya mobil qurilmalar bo‘linmasining operatsion foydasi 2026-yil oxiriga kelib 60% ga qisqarishi mumkinligini taxmin qilmoqda.
Fnnews nashrining yozishicha, televizorlar va maishiy texnika bo‘linmalari 2025-yildayoq 200 mlrd von miqdorida zarar ko‘radi. Samsung prognoziga ko‘ra, 2026-yilda ular yana zarar bilan ishlaydi.
Kompaniya rahbariyati qurilmalarni ishlab chiqish bilan bog‘liq barcha yo‘nalishlar bo‘yicha xarajatlarni 30% ga qisqartirishni buyurdi.
Boshqa chora-tadbirlar qatorida “shtatni qayta tuzish” va ixtiyoriy pensiya dasturlarini ishga tushirish muhokama qilinmoqda.
Avvalroq Samsung Galaxy S26 smartfonlarini o‘z ichiga olgan Galaxy Unpacked taqdimotini o‘tkazgani haqida xabar berilgandi.
Kompaniya Galaxy S26, S26+ va S26 Ultra smartfonlarini hamda yangilangan Buds4 simsiz quloqchinlari ommaga taqdim etdi.