Uzbekistan Airways 19-martdan BAAga aviaqatnovlarni qayta tiklamoqda, deya xabar berdi aviakompaniya matbuot xizmati.
“BAA aviatsiya rasmiylarining xabarnomasiga muvofiq, 19-martdan boshlab Uzbekistan Airways Toshkent-Dubay-Toshkent yo‘nalishidagi muntazam reyslarni tiklayotganini mamnuniyat bilan ma’lum qilamiz”, deyiladi aviatashuvchi xabarida.
Avval bekor qilingan reyslar yo‘lovchilari o‘z aviachiptalarini aviakompaniyaning istalgan keyingi reyslariga bepul asosda qayta rasmiylashtirishlari mumkin.
Reyslar quyidagi jadvalga muvofiq amalga oshiriladi (mahalliy vaqt bilan):
- HY333 — Toshkent 07:15 — Dubay 11:00;
- HY334 — Dubay 12:30 — Toshkent 17:30.
Avaiakompaniyaning ta’kidlashicha, mintaqadagi joriy vaziyat munosabati bilan, parvozlar barcha xavfsizlik talablari va xalqaro standartlarni hisobga olgan holda ishlab chiqilgan yangilangan yo‘nalishlar bo‘yicha amalga oshirilmoqda.
16-martga o‘tar kechasi “uchuvchisiz uchar qurilma bilan bog‘liq hodisa” tufayli Dubay aeroporti o‘z faoliyatini vaqtincha to‘xtatdi.
Hodisa oqibatida yong‘in kelib chiqib, yoqilg‘i idishi yonib ketgan. Yong‘in qurshab olingan, qurbonlar haqida ma’lumot yo‘q.
BAA havo hududining qisman yopilishi munosabati bilan Toshkentdan Dubayga uchgan reyslar jo‘nash aeroportiga qaytgani haqida xabar berilgandi.
Xususan:
- Centrum Air’ning Toshkent-Dubay yo‘nalishi bo‘yicha C6−351 reysi Toshkent xalqaro aeroportiga;
- Uzbekistan Airways’ning Toshkent-Dubay yo‘nalishi bo‘yicha HY-333 reysi ham jo‘nab ketish aeroportiga qaytarildi.
Flightradar24 portaliga ko‘ra, Uzbekistan Airways aviakompaniyasining HY-333 reysi Tojikistan havo hududi ustida ortga qayrilib, jo‘nash aeroportiga qaytgan.
Centrum Air aviakompaniyasining C6−351 reysi esa deyarli Dubay aeroportiga yetib kelgan, biroq Pokistan havo hududining janubiy qismida ortga qayrilgan.