Bayram kunlarida yo‘lovchilarni tashish maqsadida qo‘shimcha poyezd qatnovlari yo‘lga qo‘yilmoqda. Bu haqda Transport vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

“Ramazon hayiti hamda Navro‘z umumxalq bayrami davrida yo‘lovchilarni o‘z manzillariga xavfsiz yetib borishlarini ta’minlash maqsadida qo‘shimcha poyezd qatnovlari tashkil etilmoqda”, deyiladi xabarda.

19−25-mart kunlari aholi talabini qondirish uchun jami 25 000 ta qo‘shimcha yo‘lovchi o‘rini yaratiladi.

Qo‘shimcha Afrosiyob reyslari Toshkent-Samarqand-Toshkent yo‘nalishida 19−21-mart kunlari (6 ta reys) amalga oshiriladi.

Toshkent-Buxoro-Toshkent yo‘nalishida 19, 20, 21, 22, 23 va 25-mart kunlari qo‘shimcha qatnovlar yo‘lga qo‘yildi.

Shuningdek, 19−25-mart kunlari quyidagi yo‘lovchi poyezdlarga 4 tadan qo‘shimcha vagonlar ulanadi:

  • Toshkent-Xiva-Toshkent;
  • Toshkent-Shovot-Toshkent;
  • Toshkent-Qo‘ng‘irot-Toshkent;
  • Toshkent-Termiz-Toshkent;
  • Toshkent-Buxoro-Toshkent (Sharq).

Qo‘shimcha ulanadigan vagonlar orqali 21 500 nafar yo‘lovchi tashiladi.

Chiptalarni O‘zbekiston temir yo‘llari rasmiy sayti, mobil ilovasi hamda temir yo‘l kassalaridan xarid qilish mumkin.


Avvalroq Uzbekistan Airways Navro‘z va Ramazon Hayiti munosabati bilan 15% gacha chegirma e’lon qilgandi.