Uzbekistan Airways aviachiptalar narxining bir necha darajasini nazarda tutuvchi brend tariflarini joriy etdi. Bu haqda aviakompaniya matbuot xizmati xabar berdi.

Taʼkidlanishicha, brend tariflari tashish shartlari va kiritilgan xizmatlar to‘plami (bagaj me‘yori, chiptalarni almashtirish va qaytarish shartlari, jo‘nab ketish sanasini o‘zgartirish imkoniyati va boshqa xizmat ko‘rsatish imkoniyatlari) bilan farq qiladi.

1-apreldan boshlab mamlakat ichki aviaqatnovlarida Lite brendi asosida minimal tariflar joriy etilib, yo‘nalishlarga qarab narxlar 235 230 so‘mdan 484 298 so‘mgacha etib belgilanmoqda. Jumladan:

  • Toshkent-Andijon — 235 230 so‘mdan;
  • Toshkent-Samarqand — 235 230 so‘mdan;
  • Toshkent-Namangan — 235 230 so‘mdan;
  • Toshkent-Farg‘ona — so‘mdan;
  • Toshkent-Buxoro — 276 741 so‘mdan;
  • Toshkent-Termiz — 401 275 so‘mdan;
  • Toshkent-Urganch — 484 298 so‘mdan;
  • Toshkent-Nukus — 484 298 so‘mdan.

Narx 2026-yil 17-mart holatiga ko‘ra valyuta o‘tkazmalari kursi bo‘yicha ko‘rsatilgan.

Qayd etilishicha, ko‘rsatib o‘tilgan tariflar aviatashuvlar narxining minimal darajalari hisoblanadi. Chipta sotib olingan sana, joylarning mavjudligi va qo‘llaniladigan tarif shartlariga qarab o‘zgarishi mumkin.

Xalqaro yo‘nalishlarda, shuningdek, kiritilgan xizmatlar to‘plami va tariflarni qo‘llash shartlari bilan farq qiluvchi iqtisodiy va biznes-klasslarda aviatashuvlar narxining bir necha darajasini nazarda tutuvchi brend tariflari tizimi joriy etilmoqda.

“Qaytarilmaydigan tariflarga ega chiptalar bo‘yicha parvozdan foydalanilmasa yo‘lovchilarga foydalanilmagan yo‘nalish uchastkasi uchun yoqilg‘i va bronlash yig‘imlaridan tashqari, foydalanilmagan uchastkalar uchun barcha taksa va yig‘imlar qaytariladi”, — deyiladi xabarda.

Bundan tashqari, aviakompaniya bo‘lib to‘lash xizmatini joriy qildi. Bunda chiptani 12 oygacha bo‘lgan muddatda muddatli to‘lovga sotib olish mumkin bo‘ladi.

Avalroq Uzbekistan Airways Navro‘z va Ramazon Hayiti munosabati bilan 15% gacha chegirma e’lon qilgandi.