Toshkent-Chorvoq yo‘nalishidagi mavsumiy avtobus qatnovi 23-martdan boshlab qayta boshlanadi. Bu haqda Toshshahartransxizmat matbuot xizmati xabar berdi.

Mazkur sanadan 1226-sonli Mashinasozlar metrosi (Toshkent) — Chorbog‘ (Humson qo‘rg‘oni) avtobus yo‘nalishi harakati qayta yo‘lga qo‘yiladi.

Yo‘nalishga “MAN RR3” rusumli turistik avtobuslar biriktiriladi. Ushbu avtobuslar 47 ta o‘rindiqli, shinam va konditsionerlar bilan jihozlangan. Yo‘nalishda yo‘l kira narxi 25 ming so‘mni tashkil etadi.

Birinchi qatnov Mashinasozlar metrosi bekatidan har kuni soat 06:00 da boshlanadi. Qatnovlar har 1,5 soatda amalga oshiriladi.

So‘nggi qatnov soat 20:30 da Chorbog‘ tomondan amalga oshiriladi va soat 22:00 da Mashinasozlar metrosida tugatiladi.

Yo‘nalishdagi avtobuslar o‘z harakatini Mashinasozlar metrosidan boshlab, Maxtumquli ko‘chasi, Yangi O‘zbekiston bog‘i, Xojikent mavzesi, Chinorkent maskani orqali Humson qo‘rg‘onigacha harakatlanadi.

Qayd etilishicha, yo‘nalishda naqd pulda va bank kartalari orqali to‘lov amalga oshirish imkoniyati mavjud.


Avvalroq Spot Toshkent va Chorvoq o‘rtasida 56 km uzunlikdagi pulli avtomobil yo‘li paydo bo‘lishi haqida yozgandi.

Loyihaning texnik-iqtisodiy asoslari 2026-yil o‘rtalariga qadar ishlab chiqiladi, qurilish jarayonlari esa yil oxirida boshlanadi. Yillik trafik 250 ming mashinani tashkil etadi.