Meta Instagram, TikTok va YouTube mualliflariga Facebookga o‘tishlari va kontent joylashtirishlari uchun haq to‘laydi. Bu haqda TechCrunch nashri xabar berdi.
Ijtimoiy tarmoqning yangi dasturi “Creator Fast Track” deb nomlanadi va u mualliflarni Facebookga jalb qilishga qaratilgan.
Dasturga o‘tganlik uchun to‘lov uch oy davomida amalga oshiriladi, so‘ngra ijtimoiy tarmoqning o‘z monetizatsiya dasturiga ulanish mumkin bo‘ladi.
Instagram, TikTok yoki YouTube’da 100 mingdan ortiq obunachisi bor mualliflar oyiga $1000 olishi mumkin. Agar obunachilar soni 1 mln oshsa, to‘lov miqdori $3000 ni tashkil etadi.
To‘lovni qo‘lga kiritish uchun oyiga kamida 15 ta qisqa vertikal video e’lon qilish kerak, biroq ularni bir martada yuklab bo‘lmaydi — buni turli kunlarda amalga oshirishga to‘g‘ri keladi.
Kontent original bo‘lishi shart, lekin uni boshqa platformalarda ham e’lon qilishga ruxsat etiladi.
Nashrning qayd etishicha, hozirda Facebook 3 mlrddan ortiq foydalanuvchiga ega, biroq ijtimoiy tarmoq yangi mualliflarni jalb etishda qiyinchiliklarga duch kelmoqda.
Avvalroq Spot Instagram, Facebook va WhatsApp’da pulli obunalar sinovdan o‘tkazilishi haqida yozgandi.
Yangi obunalar unumdorlik va ijodkorlikni oshirish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratadi hamda sun’iy intellekt funksiyalarini kengaytiradi.