Toshkent shahridagi Malika savdo majmuasi yonida joylashgan bekatni ko‘chirish rejalashtirilmoqda. Bu haqda poytaxtda Yo‘l harakatini tashkil etish markazi xabar berdi.
Taʼkidlanishicha, hozir bekatda bir vaqtning o‘zida ikkita avtobus to‘xtashi bilan harakat to‘xtab qoladi. Avtobuslar ham bozorga kirish yo‘lini, ham chorrahani to‘sib qo‘yadi.
Markaz tomonidan bekatni 50−100 metr oldinga ko‘chirish masalasi ko‘rib chiqilmoqda.
Buning natijasida bekat bozorga kirish yo‘lini to‘sib qo‘ymaydi. Chorraha umumiy harakat uchun bo‘shab qoladi.
Shuningdek, avtobuslar boshqa transport oqimiga xalaqit bermagan holda yo‘lovchilarni tushira oladi.
“Hozirda ushbu qaror ham haydovchilar, ham yo‘lovchilar uchun foydali bo‘lishi uchun yakuniy hisob-kitoblarni amalga oshiryapmiz”, — deyiladi xabarda.
Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva fevral oyi oxirida poytaxtda transport boshqaruvini takomillashtirish ishlari yo‘lga qo‘yilganini ma’lum qilgandi.
Undan keyin Toshkent shahar hokimligi poytaxtda yo‘l harakatini yaxshilash maqsadida “Dolzarb 90 kunlik” e’lon qildi. Uning doirasida eng tirband 472 km yo‘l aniqlanib, svetofor va yo‘l belgilarini yangilash, yo‘l chiziqlarini takomillashtirish, bekatlarni modernizatsiya qilish hamda avtoturargohlarni tartibga solish ishlari amalga oshiriladi. Shuningdek, yo‘l bo‘yidagi savdo shoxobchalari optimallashtirilib, yo‘llardagi chuqurlar ta’mirlanadi.
Keyinroq Toshkentda “aqlli bekatlar” paydo bo‘lishi haqida xabar berilgandi. Ular videokuzatuv, SOS tugmasi, elektron jadval va vending qurilmalari bilan jihozlanadi.
Spot, avvalroq, Toshkent yomon transport tizimi tufayli yiliga $343 mln yo‘qotayotgani haqida yozgandi.