Click to‘lov servisi va Qozog‘istonning Halyk Banki 2025-yil yakuniga qadar bitimni yakunlay olmadi. Bu haqda “Qozog‘iston Xalq banki” aksiyadorlarining yillik umumiy yig‘ilishida ko‘rib chiqish uchun taqdim etilgan aksiyadorlarga mo‘ljallangan ma’lumotda aytiladi.
O‘tgan yilning iyul oyida Halyk Bank Click to‘lov xizmatining 49% ulushini $176,4 mlnga sotib olishi, Click aksiyadorlari esa, o‘z navbatida, Tenge Bank (Halyk Bank sho‘ba korxonasi) aksiyalarining 49% ini $60,76 mlnga sotib olishi ma’lum bo‘lgandi.
“2025-yil 31-dekabrda yakunlangan yil uchun konsolidatsiyalashgan moliyaviy hisobotni e’lon qilish sanasi holatiga ko‘ra, imzolangan tranzaksiya hujjatlarining amal qilish muddati tugagan, bitim yakunlanmagan. Tomonlar kelgusidagi hamkorlikning variantlari va shartlarini muhokama qilishda davom etmoqda”, — deyiladi hujjatda.
Vaziyatdan xabardor ikki manbaning Spot’ga ma’lum qilishicha, kelishuv hali ham O‘zbekiston regulyatorlari qarorini kutmoqda, biroq rasmiy rad javobi olinmagan.
O‘tgan yilning sentabr oyida Halyk Bank Qozog‘iston regulyatoridan Click’dan 49% sotib olish uchun ruxsat oldi. Halyk Bank va Click o‘rtasidagi bitimni yakunlash uchun Markaziy bank va Raqobat qo‘mitasining ruxsati kerak.
Oktabr oyi oxirida Click hali ham Halyk Bank bilan bitim tuzish uchun regulyatorlarning roziligini olmagani ma’lum bo‘ldi. O‘sha paytda Markaziy bank Raqobat qo‘mitasining roziligini kutgani uchun ruxsat bermagan edi.
Avvalroq Spot Markaziy bank inflyatsiyaning tezlashishi fonida pul-kredit siyosatini kuchaytirishi mumkinligi haqida yozgandi.