O‘zbekistonda lotereyalar, tavakkalchilikka asoslangan onlayn o‘yinlar va bukmekerlik idoralarini tashkil etish uchun litsenziya hali berilmagan. Bu haqda 18-mart kuni Istiqbolli loyihalar milliy agentligi (ILMA) kripto-aktivlar aylanmasi sohasini rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i Asqarjon Zokirov jurnalistlar bilan bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, kompaniyalardan arizalar kelib tushmoqda, biroq hozircha litsenziya olish uchun rasmiy arizalar yo‘q. U buni insofsiz qimorbozlarga yo‘l qo‘ymaslik va aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini qimor o‘yinlarida ishtirok etishdan himoya qilishga qaratilgan cheklov choralari bilan bog‘ladi.

Shu maqsadda stavkalar va o‘yinchilarning yagona davlat registri tashkil etiladi. “Hozir uni yakuniy ishga tushirish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda — tizim tayyor”, — dedi Zokirov.

“Hozirgi bosqichda litsenziya olish uchun arizalar yo‘q, lekin qiziqish bor. Ya’ni kompaniyalar [ILMAga] chiqadi va biz tegishli talablar borligini tushuntirishga harakat qilamiz. Kompaniyalar nomini aytmaymiz. Ular hammasi yaxshi, bunga tayyorgarlik ko‘rish uchun ma’lum vaqt kerak, deyishmoqda,” — deya qo‘shimcha qildi Asqarjon Zokirov.

Qimor o‘yinlarini qonuniylashtirish

2024-yilning aprelida prezident lotereyalar va tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlarni tashkil etish va o‘tkazishni tartibga solishga qaratilgan farmonni imzoladi.

ILMA qimor o‘yinlari va bukmekerlik faoliyatiga qo‘yilgan cheklovlar amalda foyda bermayotganini qayd etdi. Cheklovlar mamlakatdan $1 mlrdgacha bo‘lgan valyutaning chiqib ketishiga, qimor o‘yinlariga va firibgarlikka olib kelgan.

Agentlik direktorining birinchi o‘rinbosari Vyacheslav Pak aylanma soliqning qo‘llanilishi ularda chiquvchi summani kamaytirish uchun kiruvchi (chegiriladigan) QQSning mavjud emasligi bilan bog‘liqligini ta’kidladi.

Dekabrga kelib, hukumat qimor o‘yinlari, lotereya va bukmekerlik faoliyatiga qo‘yiladigan talablar tasdiqladi. O‘yinlar va bukmekerlik kompaniyasining ustav kapitali BHMning kamida 150 ming (56,25 mlrd so‘m) baravari miqdorida, lotereya tashkilotchisiniki esa BHMning 55 ming (26,62 mlrd so‘m) baravari miqdorida bo‘lishi kerak.

ILMA Stavkalar va o‘yinchilarning yagona davlat registrini yuritadi. Unda o‘yinchilar yagona reyestri, cheklovlar, bukmekerlik garovlarida yoki o‘yinlarda yutqazish mumkin bo‘lgan mablag‘lar limitlari yagona reyestri, lotereya chiptalari, bukmekerlik garovlariga olingan va kiritilgan mablag‘lar bilan bog‘liq tranzaksiyalar reyestri hamda yutuqlar bo‘yicha to‘lovlar reyestri bo‘ladi.

Ustav kapitalini shakllantirishda kreditga, garovga olingan mablag‘lardan va majburiyatlar yuklatilgan boshqa, jinoiy faoliyatdan olingan mablag‘lardan foydalanish taqiqlanadi.

Aprel oyida ILMA Asteriumga O‘zbekistondagi uchinchi kripto-birjani ochish uchun litsenziya bergandi. Mart oyida kompaniya kripto-do‘kon hamda kripto-depozitariy faoliyatlari uchun litsenziya olgandi.


Avvalroq Spot Raqobat qo‘mitasi bukmekerlarni reklama qilgani uchun ikki blogerga qarshi ish ochgani haqida yozgandi.