Qozog‘istonda yaqin 2−3 yil ichida uchar taksilar yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilmoqda. Bu haqda 20-mart kuni bosh vazir o‘rinbosari Qanat Bo‘zumbayev parlament palatalarining qo‘shma majlisida ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, “past balandliklar iqtisodiyoti” Olatau shahrini rivojlantirishning beshta asosiy yo‘nalishidan biri bo‘lishi kerak.

Olmaotadan 47 km masofada joylashgan bu shahar Xitoyning Shenchjenidan tashqarida uchar taksi yoki dronlarni uzoq masofalarga hamda 120 metrdan yuqori balandlikda sinovdan o‘tkazish mumkin bo‘lgan ilk maskanga aylanishi mumkin.

Sinov parvozlari joriy yilning o‘zida boshlanishi kutilmoqda. Buning uchun aerotaksilariga 15 yillik navbat shakllangan Amerikaning Joby Aero kompaniyasi va Xitoyning AutoFlight kompaniyasi bilan muzokaralar olib borilmoqda hamda bir qator hujjatlar imzolangan.

Qozog‘iston bosh vaziri o‘rinbosari mamlakatda Olatau, Qo‘nayev shaharlari, Olmaotaning bir qator nuqtalari hamda sayyohlik yo‘nalishlarini o‘zaro bog‘laydigan kvadroportlar qurilishi rejalashtirilganini ta’kidladi.

“Bu yo‘nalish orqali yiliga taxminan 8 mln sayyoh kelishini taxmin qilmoqdamiz. Bu ancha katta aylanma, biz bu salohiyatdan ham foydalanishimiz zarur. Endi tasavvur qiling, bu aerotaksilar soatiga taxminan 300−350 kilometr tezlikda uchadi. Birinchi bosqichda, yaqin ikki-uch yil ichida, uchuvchisiz aviatsiya vositasida mana shu uchta manzil — Olmaota viloyati, Olatau va Olmaota shaharlari o‘rtasidagi parvoz ajratilgan yo‘nalishlar bo‘ylab havoda 10−15 daqiqa vaqtni oladi”, — deya xulosa qildi Qanat Bo‘zumbayev (Kazinform iqtibosi).

2025-yilning noyabrida Qozog‘iston Amerikaning Joby Aero kompaniyasi bilan Olatau shahri uchun bir turkum uchuvchisiz aerotaksilar xarid qilishga kelishib olgandi.

Loyiha $300 mlnlik vertikal uchib-qo‘nuvchi elektr apparatlarini (eVTOL) sotib olishni ko‘zda tutadi. Havo taksilari Olatau va unga yaqin joylashgan Olmaota shaharlarining transport tarmog‘iga integratsiya qilinadi.