Xitoyning St Wonderful kompaniyasi Toshkent shahri va Toshkent viloyatida bir qator yirik inshootlarni qurish ustida ish olib bormoqda. Bu haqda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi xabar bermoqda.
Vazirlik rahbari o‘rinbosari Ilzat Qosimov 18-mart kuni kompaniya prezidenti Fan Syaozunni qabul qildi. Muzokaralarda qurilish sohasida bir qator amaldagi investitsiya loyihalarini amalga oshirishni jadallashtirish masalalari muhokama qilindi.
Yangi Toshkentdagi Beijing mehmonxonasi, Toshkent viloyatidagi akvapark va ko‘ngilochar majmua, shuningdek, poytaxtdagi Wonderful City keng ko‘lamli loyihasi shular jumlasidan. Hamkorlikning yangi yo‘nalishlariga alohida e’tibor qaratildi.


Bungacha Qosimov Xitoyning LEO Group kompaniyasi direktorlar kengashi raisi Van Syanjun (Wang Xianjun) bilan uchrashuv o‘tkazgandi.
Uchrashuv mavzusi O‘zbekistonda nasos uskunalarini ishlab chiqarish va suv xo‘jaligi infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha investitsiya loyihalarini amalga oshirish bo‘ldi.
Davlat-xususiy sheriklik asosida nasos stansiyalarini qurish istiqbollari yuzasidan fikr almashildi. “Ilg‘or muhandislik va texnologik yechimlarni rivojlantirish bo‘yicha maxsus texnopark” tashkil etish masalasi ham muhokama qilindi.


St. Wonderful International Group Limited" kompaniyasi TSC — hk — Investment qurilish kompaniyasining ta’sischilari qatorida qayd etilgan.
Mazkur kompaniya 2025-yilning iyul oyida Chilonzor tumanida qurilishi rejalashtirilgan, qiymati $340 mlnlik turarjoy majmuasi va biznes markazi loyihasini taqdim etgan edi.
Shuningdek, o‘sha vaqtda u Yunusobod tumanida turarjoy binolari va savdo markazlarini qurish loyihasi ustida ham ish olib borayotgan edi.
Avvalroq Xitoy kompaniyasi Samarqandda $500 mlnga qog‘oz zavodi qurishni rejalashtirayotgani haqida xabar berilgandi.
Qayd etilishicha, qog‘oz va karton ishlab chiqarish budjetga yiliga $60 mlngacha soliq to‘lovlarini ta’minlaydi.



