“Yandex Go Oziq-ovqat” xizmati va kulol Rustam Muzafarov avlodlar o‘rtasidagi bog‘liqlik mavzusiga bag‘ishlangan “Bir stolda” art-loyihasini ishga tushirdi. Loyiha doirasida brend va Muzafarovlar ustaxonasi o‘tmish, hozirgi zamon va kelajakka bag‘ishlangan uchta an’anaviy kosadan iborat kolleksiyani taqdim etdi. Kelajak kosasining naqshi sun’iy intellekt yordamida ishlab chiqildi. Shuningdek, loyiha doirasida maxsus sayt ham ishga tushirildi — unda har bir foydalanuvchi neyrotarmoq orqali o‘z oilasiga xos naqsh yaratishi mumkin. Yaratilgan naqshlarni ijtimoiy tarmoqlarda ulashgan ishtirokchilar tanlovda qatnashib, cheklangan miqdorda kosalar kolleksiyasini yutib olish imkoniga ega bo‘ladi.

Kosalarni Toshkent shahridagi “Gozar of Artisans” hunarmandlar makonida ko‘rish mumkin. Shuningdek, “hozirgi zamon” kosasining kattalashtirilgan nusxasi Taras Shevchenko ko‘chasida installyatsiya sifatida namoyish etilmoqda.

Loyiha asosida bir dasturxon atrofida uch avlod uchrashuvi g‘oyasi yotadi. Kosalar esa avlodlar davomiyligi va oilaviy an’analarning saqlanishini ifodalovchi metafora sifatida talqin etilgan. O‘tmish, hozirgi zamon va kelajak kosalaridagi ijro uslubi va an’anaviy naqshlardagi o‘zgarishlar orqali yettinchi avlod kuloli Rustam Muzafarov vaqtlar bog‘liqligini, shu bilan birga kulolchilik san’atining rivojini ko‘rsatadi. Kelajak kosasi — ustozning kelajak haqidagi tasavvuridir. Undagi noaniq chiziqlar keramikada turli uslublarning o‘zaro ta’siri va yangi texnologiyalarning an’anaviy hunarmandchilikka kirib kelayotganini anglatadi. Bu g‘oyani Muzafarov sun’iy intellekt yordamida naqsh yaratish orqali hayotga tatbiq etgan.

reklama, yandex go

Loyiha saytida foydalanuvchilar neyrotarmoq yordamida o‘z oilasiga xos naqshni yaratishi mumkin. Buning uchun oilaviy an’ana yoki birgalikda vaqt o‘tkazish tarzi qisqacha tavsiflanadi. Masalan: “Navro‘zda butun oila bo‘lib ko‘k somsa tayyorlaymiz”. Shu asosda sun’iy intellekt o‘zbek milliy naqshlariga tayanib, unikal bezak yaratadi.

Yaratilgan naqshni Instagram’da ulashgan foydalanuvchilar tanlovda ishtirok etib, kosalar kolleksiyasini yutib olish imkoniga ega bo‘ladi. Buning uchun naqshni storisga joylashtirib, @yandex.go.uzbekistan sahifasini belgilash talab etiladi. 20 nafar g‘olib tasodifiy tanlov orqali aniqlanadi. Tanlov 19-aprelgacha davom etadi, natijalar esa 21-aprel kuni Yandex Go sahifasida e’lon qilinadi. Batafsil ma’lumotni havola orqali olish mumkin.

reklama, yandex go

“Kosa — madaniyatimizda mehmondo‘stlik va xonadon bilan bog‘liq muhim ramz. Shu bois u loyihaning markaziy elementiga aylandi. Neyrotarmoq yordamida o‘z oilasiga xos naqsh yaratish — shaxsiy tarixga yangi nigoh bilan qarash va uni vizual shaklda saqlab qolish imkonidir. Bu zamonaviy vositalar orqali, ammo an’anaviy san’at tilida ifoda etiladi”, — deydi Rustam Muzafarov.


Rustam Muzafarov — Shahrisabz kulollari sulolasiga mansub usta. Uning oilasi 200 yildan ortiq vaqtdan beri kulolchilik san’ati bilan shug‘ullanadi. Oila asarlari Sankt-Peterburgdagi Ermitaj, Moskvadagi Sharq muzeyi, Nyu-Yorkdagi Metropoliten muzeyi, Frankfurt zamonaviy san’at muzeyi va Varshavadagi Osiyo madaniyati muzeyida saqlanib kelinmoqda.

Reklama huquqlari asosida.