Xitoy kompaniyalari O‘zbekistonda shinalarni utilizatsiya qilish va texnik uglerod ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishi mumkin, deya xabar berdi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati.

19-mart kuni investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri o‘rinbosari Ilzat Qosimov Xitoyning “China CAMC Engineering” kompaniyasining O‘zbekistondagi vakolatxonasi bosh direktori Go Szisze hamda kimyo muhandisligi, neft-kimyo va ekologik yechimlar sohasida faoliyat yurituvchi “Fushun Zhenxing Chemical Engineering” muhandislik-texnologiya kompaniyasi bosh direktori Pyao Syan bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Uchrashuvda O‘zbekistonda eskirgan shinalarni utilizatsiya qilish va texnik uglerod ishlab chiqarish bo‘yicha istiqbolli investitsiya loyihalari muhokama qilindi.

Xususan, tomonlar zamonaviy piroliz texnologiyalarini joriy etish, ekologik xavfsiz ishlab chiqarishni tashkil etish va sanoat chiqindilarini kamaytirish uchun ilg‘or muhandislik yechimlarini qo‘llash bo‘yicha fikr almashdilar.

Muzokaralar yakunida tomonlar ushbu loyiha doirasida amaliy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va uni amalga oshirishni izchil ilgari surishga kelishib oldilar.

xitoy, istv, yashil energiya

Bundan tashqari, shu kuni Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri o‘rinbosari Ilzat Qosimov Xitoyning yirik “Anhui Conch Group” xoldingi tarkibiga kiruvchi hamda qayta tiklanuvchi energetikaga ixtisoslashgan “Anhui Conch New Energy” kompaniyasi vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Muzokaralar davomida tomonlar sarmoyaviy hamkorlikni kengaytirishga, xususan, “yashil” energetika sohasida istiqbolli tashabbuslarni ishga tushirishga alohida e’tibor qaratdi.

Uchrashuv yakunida belgilangan rejalarni amalga oshirishning amaliy bosqichiga o‘tish hamda texnologik sheriklikni chuqurlashtirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.


Avvalroq Spot xitoylik investor Toshkentda Wonderful City va Toshkent viloyatida yangi akvapark qurayotgani haqida yozgandi.

Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri o‘rinbosari LEO Group bilan nasos texnikalarini ishlab chiqarish uchun texnopark yaratish masalasini muhokama qildi.