Rolls-Royce ichki yonuv dvigatelli avtomobillarga talab saqlanayotgani sababli elektromobillarga o‘tish rejasini o‘zgartirdi, deya xabar berdi Financial Times.
Qayd etilishicha, kompaniya 2030-yildan keyin ham ichki yonuv dvigatelli avtomobillar ishlab chiqarishni davom ettirishga qaror qildi.
Umuman olganda, bunday qarorni kamida 12 ta yirik avtomobil ishlab chiqaruvchi qabul qilgan. Ular orasida Mercedes-Benz, Ford, Stellantis, Volvo va Honda bor.
So‘nggisi, ya’ni Honda, 2026-yil mart oyida “elektrlashtirish” strategiyasini qayta ko‘rib chiqqanini hamda Shimoliy Amerikada Honda 0 SUV, Honda 0 Saloon va yangilangan Acura RSX modellarini seriyali ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ymasligini ma’lum qildi.
Shuningdek, kompaniya 2040-yilga borib ichki yonuv dvigatelli avtomobillar ishlab chiqarishni to‘xtatish rejalaridan ham voz kechdi. Strategiya qayta ko‘rib chiqilgani tufayli Honda yaqin ikki yil ichida $16 mlrd zarar ko‘radi.
Stellantis 2026-yil fevral oyida $26 mlrdlik zararni e’lon qildi. Kompaniya bosh direktori Antonio Filozaning aytishicha, ishlab chiqaruvchi “energetik o‘tish sur’atlarini ortiqcha baholagan”.
“Katta uchlik” — General Motors, Ford va Stellantisning umumiy zarari $50 mlrddan oshdi, deb yozgan edi WSJ.
Elektromobillarga talab pasayishining asosiy sabablaridan biri 2025-yil kuzida AQSHda ularni sotib olish uchun beriladigan soliq imtiyozlarining bekor qilinishi bo‘ldi, deb ta’kidlaydi FT.
Bundan tashqari, AQSH va Yevropa Ittifoqi regulyatorlari avtomobillarga oid ekologik me’yorlarni yumshatdi.
Nashr hisob-kitoblariga ko‘ra, so‘nggi bir yil ichida yangi modellarni ishlab chiqarishning bekor qilinishi, rivojlanish strategiyalari va sarmoyaviy rejalarning o‘zgartirilishi jahon avtomobil sanoatiga jami kamida $75 mlrdga tushgan.