Uzavtomotobelgi davlat korxonasi avtomobil raqamlarini xarid qilish uchun rasmiy mobil ilovani ishga tushirdi. Bu haqda IIV Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati matbuot kotibi Zoir Yo‘ldoshev xabar berdi.

AvtoRaqam ilovasi Android (Play Market) va iOS (App Store) uchun mo‘ljallangan versiyalarda mavjud. Uning yordamida foydalanuvchilar sotuvdagi “chiroyli” kombinatsiyalar bilan tanishishi, o‘ziga ma‘qul kelgan raqamni onlayn xarid qilishi mumkin.

To‘lov barcha ommabop to‘lov tizimlari orqali naqd pulsiz shaklda qabul qilinadi. Kombinatsiyani xarid qilgandan so‘ng foydalanuvchi shaxsini tasdiqlovchi hujjatni (pasport, ID-karta) taqdim etib, ro‘yxatdan o‘tish vaqtida tanlangan YHXX bo‘limidan tegishli davlat raqami belgisini olishi mumkin.

AvtoRaqam‘da jismoniy shaxslar uchun (01 A 234 BC ko‘rinishida), shuningdek, yuridik shaxslar uchun (01 234 ABC ko‘rinishida) mo‘ljallangan raqamlar mavjud. Bundan tashqari, xorijliklar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar uchun (sariq fondagi 01 H 123456) raqamlarga buyurtma berish imkoniyatini qo‘shish rejalashtirilmoqda.

Shuningdek, ilova orqali mototsikl (123 MM 01) yoki skuter (123 MMM 01) uchun ham raqam tanlash mumkin. Muayyan harf yoki raqamlarni o‘z ichiga olgan bo‘sh kombinatsiyalarni qidirish funksiyasi ham bor.

Raqamni rasmiylashtirish bosqichlarini AvtoRaqam‘dagi shaxsiy kabinet orqali kuzatib borish mumkin. Telefon raqami, shuningdek, OneID tizimi orqali avtorizatsiyadan o‘tish qo‘llab-quvvatlanadi.


2025-yil sentabr oyida Vazirlar Mahkamasi Uzavtomotobelgi‘ga qoidalarga muvofiq keladigan, istalgan 6 ta harf yoki raqam kombinatsiyasidan iborat nomli avtomobil raqamlarini berishga ruxsat bergandi. O‘shanda hukumat “chiroyli” raqamlarni realizatsiya qilishning yangi tartibini ham joriy etgan edi.

1-oktabrdan kombinatsiyalarni tovar-xomashyo birjasi (O‘zRTXB) orqali sotish to‘xtatildi. Sotilmagan kombinatsiyalar toifasiga qarab avtomobilchilar o‘rtasida taqsimlanadi:

  • 1-dan 3-gacha bo‘lgan toifadagi raqamlar to‘g‘ridan to‘g‘ri Uzavtomotobelgi tomonidan “yagona oshirilgan to‘lov” evaziga sotiladi: jismoniy shaxslar uchun — BHMning 17 baravari (7,004 mln so‘m), yuridik shaxslar uchun — BHMning 25 baravari (10,3 mln so‘m);
  • qolgan kombinatsiyalar umumiy navbat tartibida beriladi.

Bundan tashqari, 2026-yil 1-yanvardan O‘zRTXB tizimida avtomobil raqamlari bo‘yicha auksionlar o‘tkazish tartibi bekor qilindi. Buning o‘rniga, buyurtma asosidagi harf va raqamlar kombinatsiyasiga ega raqamlar elektron murojaat asosida beriladi. Vazirlar Mahkamasi YHXXga raqam tanlash uchun bo‘sh kombinatsiyalarning yagona ochiq ma‘lumotlar bazasini ishga tushirishni topshirdi.

Qarorga ko‘ra, jismoniy va yuridik shaxslarning avtomobillari uchun buyurtma raqamlar 30 daqiqa ichida beriladi. Xorijliklarning mashinalari, shuningdek, mototransport vositalari uchun buyurtma asosidagi raqamlar 14 ish kuni ichida yetkazib beriladi va tayyorlanadi.

Oktabr oyi boshida Safe Road mobil ilovasi “chiroyli” avtoraqamlarni xarid qilish xizmatini sinov rejimida ishga tushirgandi. Biroq dastur ishlab chiquvchilari foydalanuvchilar oqimi ko‘pligi sababli YHXX tizimida uzilishlar kuzatilishi mumkinligidan ogohlantirgan.

Spot, avvalroq, Toshkent-Chorvoq pulli yo‘li 3 yilda qurilishi haqida yozgandi.