Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temir yo‘lining taxminiy ishga tushirilish sanasi e’lon qilindi. Bu haqda 24.kg nashri Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarovga tayanib xabar berdi.
Japarovning so‘zlariga ko‘ra, magistral taxminan 2030-yilda ishga tushirilishi kutilmoqda.
“Agar hozir Yevropa va Xitoy o‘rtasida biz „boshi berk“ mamlakatda yashayotgan bo‘lsak, Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temir yo‘li qurilishi yakunlanishi bilan biz tranzit davlatiga aylanamiz”, — dedi u Norin viloyatidagi Navro‘z bayramida.
Uning so‘zlariga ko‘ra, ushbu keng ko‘lamli loyihaning amalga oshirilishi yangi tranzit aloqalarini ochadi va mintaqaning xalqaro ahamiyatini oshiradi
Nafaqat Norin viloyatida, balki butun Qirg‘izistonda logistika salohiyati oshadi: yuklarni yetkazib berish vaqti sezilarli darajada qisqaradi, bu esa yangi bozorlarga chiqish uchun keng imkoniyatlar yaratadi.
Sadir Japarov bugungi kunda temir yo‘l bo‘ylab infratuzilmani rivojlantirish va savdo-logistika markazlarini qurish davr talabi ekanini ta’kidladi.
2025-yilning dekabrida Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temir yo‘li qurilishini moliyalashtirish bo‘yicha kelishuv imzolandi.
Temir yo‘l loyihasining umumiy qiymati $4,7 mlrdga baholanmoqda. Shundan qariyb $2,3 mlrdi Xitoy tomonidan 35 yil muddatga qo‘shma loyiha kompaniyasiga kredit sifatida ajratiladi va ushbu mablag‘ning qaytarilishi bevosita kompaniya tomonidan amalga oshiriladi.
Qolgan $2,3 mlrd esa uchta davlat tomonidan qo‘shma kompaniyaning ustav kapitaliga quyidagi ulushlarda kiritiladi: Xitoy — 51%, Qirg‘iziston va O‘zbekiston — har biri 24,5% dan.
Uch tomonlama temir yo‘l loyihasi
Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temir yo‘li qurilishiga tayyorgarlik 2022-yilda boshlangan. Uch tomonlama kelishuv bilan loyihaning texnik-iqtisodiy asoslarini ishlab chiqish bo‘yicha ishlarni yakunlash belgilandi.
Temir yo‘l qurilishi bo‘yicha loyihaning asosiy kelishuvlari hal qilingan, uning qiymati taxminan $5,1 mlrdni tashkil qiladi. Uzunligi hozirgacha 454 km bo‘lishi mumkin. Joriy yilning iyun oyida temir yo‘l qurilishi bo‘yicha strategik loyihani amalga oshirish to‘g‘risidagi bitim imzolandi.
Iyulda Shavkat Mirziyoyev loyihani amalga oshirish bo‘yicha bitimni tasdiqladi. Hujjat bilan loyihani amalga oshiruvchi kompaniyaning ustav kapitaliga $255 mln ajratish topshirilgan. Shundan $14 mlni joriy yil oxirigacha o‘tkazilishi kerak.
Oktabr oyi boshida Bishkekda loyiha idorasi ochildi. Aqilbek Japarov mazkur temir yo‘lning qurilish ishlari o‘z vaqtida yakunlanishini aytdi. Noyabrga kelib, Qirg‘iziston hukumati loyiha kompaniyasiga $14 mln ajratishni tasdiqladi.
YTTB Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temir yo‘li qurilishini moliyalashtirishi mumkin. Bank O‘zbekiston Transport vazirligi bilan loyiha doirasidagi hamkorlik yo‘nalishlarini muhokama qildi.
Mazkur temir yo‘li qurilishi 2024-yilning 27-dekabrida boshlanishi ma’lum qilindi. Qirg‘iziston Vazirlar Mahkamasi va qo‘shma loyiha kompaniyasi investitsiya shartnomasini imzoladilar.
Avavlroq prezident transport vaziri va O‘zbekiston temir yo‘llari raisini tanqid qilgani haqida xabar berilgandi. Davlat rahbari dunyodagi geosiyosiy vaziyatda aholi va biznes bilan muloqotni kuchaytirish, ularning masalalarini tez hal qilish rahbarlarning asosiy vazifasi bo‘lishi zarurligini qayd etdi.
Avvalroq Spot 2-maydan Toshkent-Xiva yo‘nalishida Hyundai Rotem tezyurar poyezdi qatnay boshlashi haqida yozgandi.
Yo‘lga ketadigan vaqt ikki baravarga — 14 soatdan 7 soatga qisqaradi. Yetti vagondan iborat poyezd soatiga 260 km gacha tezlikka erisha oladi.