Jahon banki O‘zbekistonga transport infratuzilmasini modernizatsiya qilish va sohada kompleks islohotlarni amalga oshirish uchun $200 mln ajratishni ma’qulladi.

Yangi loyiha doirasida Surxondaryo viloyatida Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi huzuridagi “Avtoyo‘linvest” agentligi M41 mintaqaviy avtomobil yo‘lining 91 km qismini rekonstruksiya qiladi.

Ushbu yo‘l O‘zbekistonni Tojikiston, Qirg‘iziston Respublikasi va Afg‘oniston bilan bog‘laydi. Mavjud ikki qatorli yo‘l to‘rt qatorli avtomagistralga kengaytiriladi.

Rekonstruksiya yakunlangach, ushbu yo‘l qismidan har kuni qariyb 35 ming haydovchi va yo‘lovchi foydalanadi.

Shuningdek, loyiha avtomagistral atrofida yashovchi qariyb 550 ming aholining transport xizmatlari va iqtisodiy imkoniyatlardan kengroq foydalanishini ta’minlab, biznes rivoji va yangi ish o‘rinlari yaratilishiga xizmat qiladi.

Loyiha yo‘l qoplamasi sifatini yaxshilash, yo‘l harakati xavfsizligini oshirish va avtobus bekatlarining qulayligini yaxshilash bo‘yicha qurilish ishlarini moliyalashtiradi.

Shu bilan birga, suv toshqinlari xavfini kamaytirish uchun 180 ga yaqin ko‘prik va drenaj inshootlarini qurish va rekonstruksiya qilish ko‘zda tutilgan.

Ushbu chora-tadbirlar avtomobil yo‘lining rekonstruksiya qilinayotgan qismida yo‘l-transport hodisalari va o‘lim holatlari sonini kamaytirishga, yo‘lga ketadigan vaqtni qisqartirishga (aholi punktlaridan tashqarida o‘rtacha tezlik 65 km/soatdan taxminan 90 km/soatgacha oshadi) hamda yo‘lovchi va yuk tashishning ishonchliligini oshirishga yordam beradi.

Loyiha, shuningdek, Transport vazirligiga multimodal tashuvlarni rivojlantirish milliy strategiyasini ishlab chiqishda ko‘maklashadi.

Ushbu strategiya transport xizmatlari va infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha davlat organlarining salohiyatini mustahkamlashga qaratilgan.

Shu bilan birga, loyiha doirasida O‘zbekiston temir yo‘llari o‘z biznes-jarayonlarini, jumladan korporativ boshqaruvni mustahkamlash, moliyaviy shaffoflikni oshirish, yo‘lovchi tashishni rejalashtirishni yaxshilash va ekologik, ijtimoiy va korporativ boshqaruv (ESG) amaliyotlarini joriy etish orqali takomillashtiradi.


Avvalroq Spot Jahon banki O‘zbekistonga gaz sizib chiqishini kamaytirish uchun $10,6 mln grant ajratishi haqida yozgandi.

Mablag‘lar eskirgan gaz tarmoqlaridagi sizib chiqishni kamaytirish va uy xo‘jaliklari hamda sanoatni ta’minlash uchun gazni tejashga yo‘naltiriladi.