Ayrim to‘lovlar uchun naqd puldagi hisob-kitoblar bekor qilinadi
2026-yilning 1-aprelidan ayrim to‘lovlar faqatgina bank kartalari yoki elektron to‘lov tizimlari orqali amalga oshiriladi.
Bunga quyidagilar kiradi:
- davlat organlari tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlar;
- elektr energiyasi, tabiiy gaz, ichimlik suvi uchun to‘lovlar;
- alkogol va tamaki mahsulotlari;
- yoqilg‘i quyish shoxobchalari orqali aholiga neft-gaz mahsulotlarini sotish va elektromobillarni zaryadlash xizmatlari;
- qiymati 25 mln so‘mdan oshadigan tovar va xizmatlar;
- ko‘chmas mulk obyektlari, ishlab chiqarilganiga 10 yildan oshmagan M, N, O va G toifaga kiruvchi transportlar hamda maxsus avtotransport vositalarini sotish va sotib olish.
16-mart kuni Adliya vazirligi ko‘chmas mulk va transport vositalari oldi-sotdisida hisob-kitoblarni naqdsiz shaklda amalga oshirishga qaratilgan nizomni davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi.
Yangi tartibga ko‘ra, uy-joy va avtomobil oldi-sotdisida to‘lovlar eskrou hisobvaraqlari orqali amalga oshiriladi va notariuslar shartnomani banklardan olingan elektron ma’lumotlar asosida tasdiqlaydi.
Mablag‘lar avval eskrou hisobiga kiritilib, bitim rasmiylashtirilgach sotuvchining hisobvarag‘iga o‘tkaziladi. Xaridorning bank kartasi yoki boshqa hisobvaraqlari ham eskrou hisobvaraq sifatida qo‘llanishi mumkin.
Eskrou tizimi orqali amalga oshiriladigan bitimlar bo‘yicha xizmatlar uchun quyidagicha komissiya undiriladi:
- Ko‘chmas mulk oldi-sotdisi uchun — BHMning 50%i (206 ming so‘mgacha);
- Avtomobillar uchun — BHMning 25%i (103 ming so‘mgacha).
Ushbu tariflar faqat davlat ulushi mavjud bo‘lgan 9 ta bank — Agrobank, Aloqabank, Asakabank, Biznesni rivojlantirish banki, Mikrokreditbank, Xalq banki, O‘zmilliybank, Turonbank, O‘zsanoatqurilishbank'da amal qiladi. Qolgan tijorat banklarida tariflar mustaqil belgilanadi.
Agar xaridor va sotuvchining hisobvaraqlari bitta bankda bo‘lsa, haq bir marta undiriladi, turli banklarda bo‘lsa, komissiya miqdori banklar o‘rtasida teng taqsimlanadi. Agar bitim amalga oshmasa yoki bekor qilinsa, eskrou hisobvarag‘idagi mablag‘ xaridorga qaytariladi.
Ijtimoiy soliq to‘lagan o‘zini o‘zi band qilganlarga budjetdan ipoteka krediti beriladi
Budjet hisobidan beriladigan ipoteka kreditlari rasmiy daromadga ega hamda ijtimoiy soliqni ixtiyoriy to‘liq to‘lagan o‘zini o‘zi band qilgan fuqarolarga ajratiladi.
Bu jarayon bosqichma-bosqich joriy etilib, 2026-yilda oxirgi bir yil, 2027-yilda oxirgi ikki hamda 2028-yildan boshlab oxirgi uch yil hisobga olinadi.
Kameralar jarima ballarini yozishni boshlaydi
Qo‘pol qoidabuzarliklar uchun maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish tizimlari orqali qayd etilgan yo‘l harakati qoidabuzarliklari uchun jarima ballari hisoblanadi. Amalda ballar faqat YHXX xodimlari rasmiylashtirgan ma’muriy bayonnomalar asosida belgilanardi.
Jarima ballari transport vositasining mulkdori va undan fuqarolik huquqiy munosabatlar asosida ishonchnoma, sug‘urta polisi, yo‘l varaqasi orqali foydalanuvchi boshqa haydovchilarga taqsimlanadi.
Haydovchilar uchun jarima ballari qoidabuzarlik turiga qarab 0,2 balldan 2 ballgacha etib belgilanadi. Eng kam ball sababsiz signal chalish va to‘xtash-to‘xtab turish qoidalarini buzish (0,2), nosoz avtomobil boshqarish yoki odam tashish qoidalarini buzish (0,3) uchun qo‘llanadi.
Tezlikni 20 km/soatgacha oshirish, “tonirovka” hamda tezkor xizmatlarga yo‘l bermaslik uchun 0,5 ball, 20−40 km/soatga oshirish, svetofor taqiqlovchi signaliga bo‘ysunmaslik, quvib o‘tish yoki temir yo‘l kesishmasi qoidalarini buzish uchun 1 ball belgilanadi.
Eng ko‘p — 2 ball tezlikni 60 km/soatdan ortiq oshirish va YTH qatnashchisining hodisa joyidan ketib qolishi uchun beriladi. Jarima ballari bir yilda 12 balldan oshgan haydovchilar avtomobil boshqarish huquqidan 6 oygacha mahrum qilinadi.
Tarkibida shakar bo‘lgan ichimliklar uchun aprel oyidan boshlab 100 millilitrdagi shakar miqdoriga qarab aksiz solig‘ining progressiv stavkasi qo‘llaniladi:
- 5 grammgacha — bir litri uchun 500 so‘m;
- 5 grammdan 10 grammgacha — bir litri uchun 515 so‘m;
- 10 grammdan ortiq — bir litri uchun 535 so‘m.
Agar ichimlik qadog‘ida shakar miqdori ko‘rsatilmagan bo‘lsa, unga eng yuqori stavka bo‘yicha aksiz solig‘i solinadi.
Shakar o‘rnini bosuvchi ichimliklar uchun aksiz solig‘i uchdan ikki baravarga, ya‘ni hozirgi bir litr uchun 300 so‘mdan 500 so‘mga oshiriladi. Energetik ichimliklar uchun stavka 7,5%ga — bir litri uchun 2000 so‘mdan 2150 so‘mgacha ko‘tariladi.
Shuningdek, chipslar — “iste‘mol qadog‘ida qovurilgan yoki quritilgan, yupqa to‘g‘ralgan, tarkibida kartoshka yoki uning ta‘mini beruvchi qo‘shimchalar bo‘lgan mahsulotlar” uchun soliq joriy etiladi. U ishlab chiqaruvchilar uchun ham, import qiluvchilar uchun ham bir kilogrammi uchun 15 ming so‘mni tashkil etadi.
Tabiiy gaz uchun aksiz solig‘i o‘zgarishsiz qoladi — 12%. Neft mahsulotlari, suyultirilgan va siqilgan gaz uchun stavkalar o‘rtacha 7% ga oshiriladi. Batafsil ma‘lumot quyidagi jadvalda keltirilgan:
| Tovar (o‘lchov birligi) | 1-yanvardan amal qiladigan stavka, so‘m | 1-apreldan amal qiladigan stavka, so‘m |
| Neft mahsulotlari: | ||
| benzin AI-80 va undan yuqori (1 tonna uchun) | 375 000 | 402 000 |
| benzin AI-91 va undan yuqori (1 tonna uchun) | 335 000 | 360 000 |
| avia kerosini, sintetik turidan tashqari (1 tonna uchun) | 300 000 | 321 000 |
| dizel yoqilg‘isi (1 tonna uchun) | 360 000 | 385 000 |
| dizel yoqilg‘isi Eco (1 tonna uchun) | 325 000 | 348 000 |
| dizel va injektorli dvigatellar uchun motor moyi (1 tonna uchun) | 510 000 | 546 000 |
| Yakuniy isteʼmolchiga sotiladigan tovar: | ||
| benzin AI-80 va undan yuqori (1 litr / 1 tonna uchun) | 525 | 562 |
| 700 000 | 750 000 | |
| benzin AI-91 va undan yuqori (1 litr / 1 tonna uchun) | 470 | 505 |
| 621 000 | 665 000 | |
| dizel yoqilg‘isi (1 litr / 1 tonna uchun) | 525 | 562 |
| 635 000 | 680 000 | |
| suyultirilgan gaz (1 litr / 1 tonna uchun) | 525 | 562 |
| 1 000 000 | 1 070 000 | |
| siqilgan gaz (1 kub metr uchun) | 750 | 805 |
Namanganda soliq qarzdorligi 1 mln so‘mdan oshgan fuqarolarning elektr uchun to‘lovlari cheklanadi
16-apreldan Namangan viloyatida jismoniy shaxslarning yer va mol-mulk solig‘i bo‘yicha qarzdorligini undirishning yangi tartibi eksperiment tariqasida joriy etiladi. Bu haqda Soliq qo‘mitasi xabar berdi.
Yangi tizimga ko‘ra, soliq qarzi 1 mln so‘mdan oshgan fuqarolar bir necha bosqichda ogohlantiriladi. Qarzdorlik bartaraf etilmasa, elektr energiyasi uchun to‘lovlarni amalga oshirishga vaqtinchalik cheklov kiritilishi mumkin.
Mazkur cheklov nogironligi bo‘lgan shaxslar, boquvchisini yo‘qotgan oilalar va ijtimoiy himoya reyestriga kiritilgan fuqarolarga tatbiq etilmaydi. Tajriba natijalariga ko‘ra tizimni 1-oktabrdan boshlab boshqa hududlarda joriy etish masalasi ko‘rib chiqiladi.
Ichimliklarni raqamli markirovkalash tizimida majburiy agregatsiya joriy etiladi
Dastlab bu talablarni 2024-yilda joriy etish rejalashtirilgan edi, biroq bozor tayyor emasligi sababli muddatlar bir necha bor kechiktirildi. 2025-yil may oyida esa joriy etish sanasi 2026-yil aprelga ko‘chirildi.
Agregatsiya tizimi mahsulotning har bir alohida birligini raqamli kod orqali ishlab chiqaruvchidan tortib yakuniy sotuvgacha kuzatib borishni nazarda tutadi. Shuningdek, elektron hisob-fakturalarga markirovka kodlari haqidagi ma’lumotlarni biriktirish majburiyati ham joriy etiladi.
Biroq soha vakillari jiddiy xavflar mavjudligidan ogohlantirmoqda. Alkogolsiz ichimliklar va sharbatlar ishlab chiqaruvchilar uyushmasi (UzBev) Gazeta.uz'ga bergan izohida joriy etilayotgan modelda “qator texnik va iqtisodiy ziddiyatlar borligi"ni, bu esa ishlab chiqarish hamda savdo hajmining qisqarishiga olib kelishi mumkinligini bildirgan.
Biznes vakillariga ko‘ra, tizim real distribyutsiya modelini inobatga olmaydi: yetkazib berishlar minglab kichik savdo nuqtalari orqali amalga oshiriladi, ko‘pincha qisman qaytarishlar va aralash partiyalar mavjud bo‘ladi. Bunday sharoitda kodlarni aniq yetkazib berishlarga qat’iy bog‘lash hatto qonuniy mahsulotlar savdosini ham bloklab qo‘yishi mumkin.
Kompaniya ta’kidlashicha, kichik do‘konlar va distribyutorlar hozircha smartfon orqali markirovkaning haqiqiy mahsulotga mosligini tekshirish imkonini beradigan vositalarga ega emas. Bu esa tovarni qabul qilish jarayonida xatolar xavfini oshiradi va savdo nuqtalari uchun qulay mobil ilova ishlab chiqishni talab qiladi.
UzBev tizimni joriy etishda o‘tish davrini belgilash, jarimalarni yumshatish hamda jarayonni avvalo yirik riteyllardan boshlashni taklif qilmoqda. Bu bozorga ortiqcha bosim tushishini va yashirin savdo hajmi oshishini oldini olishga yordam berishi mumkin.
Asl Belgisi ushbu bildirilgan xatarlar yuzasidan UzBev’ning murojaatiga javob berib, iqtisodiyot shaffofligi tamoyillarini birgalikda himoya qilish va iste’molchilar huquqlarini muhofaza qilishga chaqirdi.
Ijtimoiy kartalarni endi istalgan bank orqali olish mumkin bo‘ladi
Endilikda texnik talablarga javob beradigan har qanday rezident bank ijtimoiy kartalarni chiqarish va aholiga berish bo‘yicha moliyaviy agent sifatida faoliyat yuritishi mumkin.
Avval tizimda ishtirok etish cheklangan bo‘lib, bunday imkoniyat faqat Aloqabank va Xalq banki’ga berilgan edi.
Ijtimoiy karta davlat tomonidan ko‘rsatiladigan ijtimoiy yordamni olish uchun yagona vosita hisoblanadi. Unga nafaqalar, pensiyalar va boshqa to‘lovlar o‘tkaziladi, shuningdek kelgusida transport, xizmatlar va xaridlar uchun imtiyozlardan ham foydalanish imkonini beradi.
Tibbiyot muassasalari 5 kunlik ish rejimiga o‘tadi
1-apreldan boshlab davlat tibbiyot muassasalarining ish vaqti rejimi 5 kunlik ish haftasiga o‘tkaziladi.
Bunda tibbiyot muassasalari ish faoliyatining uzluksizligini ta’minlash uchun bayram va dam olish kunlari navbatchilik asosida ishlash yo‘lga qo‘yiladi.
Uzbekistan Airways brend tariflarini joriy qiladi
Aviachiptalar narxining bir necha darajasini nazarda tutuvchi brend tariflari tashish shartlari va kiritilgan xizmatlar to‘plami (bagaj me‘yori, chiptalarni almashtirish va qaytarish shartlari, jo‘nab ketish sanasini o‘zgartirish va boshqa xizmatlar) bilan farq qiladi.
1-apreldan boshlab mamlakat ichki aviaqatnovlarida Lite brendi asosida minimal tariflar joriy etilib, yo‘nalishlarga qarab narxlar 235 230 so‘mdan 484 298 so‘mgacha etib belgilanmoqda. Jumladan:
- Toshkent-Andijon — 235 230 so‘mdan;
- Toshkent-Samarqand — 235 230 so‘mdan;
- Toshkent-Namangan — 235 230 so‘mdan;
- Toshkent-Farg‘ona — so‘mdan;
- Toshkent-Buxoro — 276 741 so‘mdan;
- Toshkent-Termiz — 401 275 so‘mdan;
- Toshkent-Urganch — 484 298 so‘mdan;
- Toshkent-Nukus — 484 298 so‘mdan.
Tariflar chipta sotib olingan sana, joylarning mavjudligi va qo‘llaniladigan shartlarga qarab o‘zgarishi mumkin.
Shuningdek, brend tariflar xalqaro yo‘nalishlar, shuningdek, kiritilgan xizmatlar to‘plami va tariflarni qo‘llash shartlari bilan farq qiluvchi iqtisodiy va biznes-klasslarda aviatashuvlar uchun ham joriy etiladi.
Qaytarilmaydigan tariflarga ega chiptalar bo‘yicha parvozdan foydalanilmasa yo‘lovchilarga foydalanilmagan yo‘nalish uchastkasi uchun yoqilg‘i va bronlash yig‘imlaridan tashqari, barcha taksa va yig‘imlar qaytariladi.
Aviakompaniyalar har bir sayyoh uchun $100 dan subsidiya oladi
Aprel oyidan boshlab alohida dastur asosida O‘zbekistonda ochiq turizm mavsumi boshlanib, iyungacha davom etadi.
Bu vaqtda aviakompaniyalarga yangi reyslarni yo‘lga qo‘yib, olib kelingan har bir xorijiy sayyoh uchun $100 dan subsidiya hamda aeroport xizmatlari uchun 20% chegirma beriladi.
Shuningdek, mahalliy turoperatorlar ham qo‘llab-quvvatlanadi. Xususan, 1-apreldan boshlab ularga 3 oy davomida jalb qilingan 1 ming nafar xorijiy turist uchun budjetdan $5 minggacha subsidiya beriladi, QQSning yarmi “keshbek” sifatida qaytariladi.
Ijtimoiy tarmoqlarda 5 mlndan ortiq kuzatuvchisi bo‘lgan 50 ta xorijiy blogerga O‘zbekistonga kelishi uchun 7 kunlik bepul turpaket taqdim etiladi. Dunyodagi eng yirik onlayn sayyohlik platformalarida mamlakatga sayohat targ‘iboti bilan bog‘liq xarajatlar ham qoplab beriladi.
O‘zbekistonning barcha xalqaro aeroportlarida tax free tizimi joriy etiladi
O‘zbekistonning barcha xalqaro aeroportlarida chet el fuqarolariga qo‘shilgan qiymat solig‘ini qaytarish (tax free) tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Hozir undan 9 ta aeroport — Toshkent, Samarqand, Buxoro, Farg‘ona, Urganch, Qarshi, Navoiy, Nukus va Termizda foydalanish mumkin.
Chet el fuqarolari o‘z ixtiyori bilan QQSni naqd pulda qaytarib olishlari mumkin bo‘ladi. Bunda belgilangan QQS miqdorining 15%i tizim operatorining xizmatlariga yo‘naltiriladi. Shu bilan birga, soliqni bank kartasiga qaytarish tovarlar olib chiqib ketilgan kundan keyin 3 ish kun ichida amalga oshiriladi.
Minimal xarid qiymati QQSni hisobga olgan holda 300 ming so‘m etib belgilandi. Amalda 1 mln so‘m edi. Tax free tizimi tatbiq etiladigan tovarlarning chegaralangan ro‘yxati (bundan oziq-ovqat mahsulotlari mustasno) esa bekor qilinadi.
Soliq qo‘mitasi soliq organlarining maxsus mobil ilovasida chet el fuqarolariga qaytariladigan QQS summasini hisobga olish va uni qaytarish uchun elektron pochta orqali identifikatsiyadan o‘tish imkoniyatini yaratishi belgilangan.
Qo‘mita Bojxona qo‘mitasi bilan birgalikda “G‘ishtko‘prik” chegara bojxona postida rekonstruksiya ishlari yakunlanib, odamlar va transport vositalari harakati tiklangandan so‘ng tajriba tariqasida “tax free” servis shoxobchasini tashkil etadi.
Yuk tashish bo‘yicha elektron platforma ishga tushadi
Transport vazirligiga tadbirkorlarni jalb etgan holda 1-aprelga qadar yuk tashish hamda maxsus avtotransport vositalari xizmatlari hisobini onlayn yuritishga mo‘ljallangan elektron platformani ishlab chiqish vazifasi yuklatilgan.
Mazkur platforma orqali jismoniy va yuridik shaxslarda mavjud yuk tashish hamda maxsus avtotransport vositalari hisobini yuritish, aholi va tadbirkorlarga onlayn buyurtma berish, shartnoma tuzish va to‘lovlarni amalga oshirish imkoniyati yaratiladi.
Shuningdek, xizmat ko‘rsatuvchilar xizmat turlari va narxlarini mustaqil belgilashi hamda foydalanuvchilar ko‘rsatilgan xizmatlar sifatini baholab borishi mumkin bo‘ladi.
Startap muammolarini hal qilish uchun kraudsorsing tizimi joriy etiladi
Startaplarni qo‘llab-quvvatlash borasida muammo va masalalarni kraudsorsing asosida hal qilishning yangi tizimi joriy etiladi.
Bunda davlat organlari, tashkilotlari va davlat ishtirokidagi korxonalar o‘z sohasidagi yechim talab qilayotgan muammo va masalalar bo‘yicha kraudsorsing elektron platformasida e’lon joylashtirib, tanlov tashkil qiladi.
Har oyda startap tashabbuskorlari bilan uchrashuvlar (“Startap kuni”) o‘tkazadi. Masalalar yechimi yuzasidan samarali deb topilgan takliflar bo‘yicha loyihani amalga oshirish uchun xarid jarayonlari kraudsorsing elektron platformasida o‘rnatilgan tartibda amalga oshiriladi.
Yoshlar startaplari uchun 5 mlrd so‘mgacha foizsiz qarz ajratiladi
Startap ekotizimining yagona elektron platformasida ro‘yxatdan o‘tgan startap ekotizimi ishtirokchilariga bir qator xarajatlar qoplab beriladi.
Jumladan, o‘quv kurslarida o‘qish va sertifikat olish hamda akseleratsiya va inkubatsiya dasturlarida ishtirok etish xarajatlarning 50% igacha qismi qoplanadi, biroq bu $20 mingdan oshmasligi kerak.
Shu bilan birga, patentlash hamda intellektual faoliyat natijalari va savdo belgilarini ro‘yxatdan o‘tkazish xarajatlari ham qoplab berilishi ko‘zda tutilgan.
Bundan tashqari, yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish davlat maqsadli jamg‘armasi hisobidan yoshlar startap loyihalarini qo‘llab-quvvatlash choralari belgilandi.
Unga ko‘ra, startap studiyalar, inkubatsiya va akseleratsiya markazlarini tashkil etish uchun har yili 20 tagacha loyihaga moliyaviy ko‘mak ajratiladi. Bunday loyihalarga 1 yil imtiyozli davr bilan 5 yilgacha muddatga 5 mlrd so‘mgacha ssuda beriladi.
Shuningdek, mahalliy inkubatsiya yoki akseleratsiya dasturlarida ishtirok etish bilan bog‘liq badal to‘lovlari uchun oyma-oy ajratiladigan, umumiy miqdori BHMning 100 baravaridan (41,2 mln so‘m) oshmagan grant taqdim etiladi.
Ayrim startap loyihalariga IT Park rezidenti maqomi beriladi
“Raqamli startaplar” dasturida ishtirok etuvchi startap loyihalarga IT Park rezidenti maqomi beriladi. Shu bilan birga, ularga qonunchilikda belgilangan eksportning minimal ko‘rsatkichlari talabisiz tegishli imtiyoz va preferensiyalardan foydalanishga ruxsat beriladi.
Bundan tashqari, hududlarda bevosita Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari rahbarligida Startaplar klubi tashkil etiladi.
Bunday klublarga startap tashabbuskorlari bilan har oy uchrashish, davlat organlari bilan yuzaga kelgan masalalari bo‘yicha amaliy ko‘mak ko‘rsatish hamda ushbu hududdagi yirik tadbirkorlarni startap loyihalarga biriktirish vazifalari yuklanadi.
Uchta davlat tashkilotida kiberxavfsizlik bo‘limlari tashkil etiladi
Adliya vazirligi, Energetika vazirligi hamda Soliq qo‘mitasida Kiberxavfsizlikni ta’minlash bo‘limi tashkil etiladi.
Bundan tashqari, davlat organlari va tashkilotlari tomonidan budjetdan tashqari jamg‘arma mablag‘lari hisobidan hamda budjet parametrlari doirasida zarur mablag‘lar kiberxavfsizlikni ta’minlash masalalariga yo‘naltiriladi.
Zo‘ravonlikdan jabrlangan ayollar telefoniga SOS ilovasi o‘rnatiladi
Himoya orderi berilgan jabrlanuvchi xotin-qizlarning mobil qurilmalariga SOS chaqiruv ilovasi o‘rnatiladi. Ijtimoiy himoya milliy agentligining ushbu ilovasi tazyiq va zo‘ravonlik holatlari to‘g‘risida zudlik bilan xabar berish imkonini beradi.
Nukusning ayrim mahallalarida bog‘cha to‘lovlari 50%ga kamaytiriladi
1-apreldan Qaratau va Bestobe mahallalari aholisi uchun bog‘cha to‘lovlarida imtiyoz beriladi. Mazkur hududlardagi davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarida ota-onalar to‘loviga 50%lik kamaytiruvchi koeffitsiyent qo‘llaniladi.
Ehtiyojmand oilalar uylari energiya tejamkor qilib taʼmirlanadi
Ushbu tartib dastlabki tajriba tariqasida Navoiy viloyatida yashovchi mehnatga layoqatli aʼzosi bo‘lmagan oilalar uchun joriy etilgandi. 1-apreldan boshlab mamlakatning boshqa hududlarida yashovchi ehtiyojmand oilalarning xonadonlari ham energiya tejamkor qilib taʼmirlanadi.
Bunda “Mahalla yettiligi” xulosasiga asosan Ijtimoiy reyestrdagi I-guruh nogironligi bo‘lgan va mehnatga layoqatli aʼzosi bo‘lmagan oilalar xonadonlarining devor va tomlari izolyatsiya qilib beriladi. Xususan, energiya tejamkor deraza va eshik hamda quyosh panellari yoki geliokollektor o‘rnatiladi.
Xonadonlarni “yashil” taʼmirlash “Saxovat va ko‘mak”, “Yoshlar daftari” va “Ayollar daftari” jamg‘armalari hisobidan moliyalashtiriladi. Buning uchun teng ulushlarda jami 200 mlrd so‘m mablag‘ tuman hokimliklari huzuridagi Infratuzilma va ijtimoiy barqarorlik jamg‘armalariga ajratiladi.
Davlat organlariga ayrim sohalarda yangi sinov laboratoriyalari tashkil etish taqiqlanadi
Prezident farmoni bilan muvofiqlikni baholash sohasida tadbirkorlarga yengilliklar joriy etilishi belgilangan.
Jumladan, muvofiqlikni baholash organlari tomonidan akkreditatsiya sohasida ko‘rsatilgan pullik xizmatlar tushumidan ajratmalar 2,5 barobarga kamaytirilib, 2% miqdorida belgilanadi. Ajratmalar to‘liqligicha O‘zbekiston akkreditatsiya markazi ixtiyorida qoldiriladi.
Tadbirkorlar tomonidan ikki va undan ortiq akkreditatsiyadan o‘tgan holda muvofiqlikni baholash xizmatlari yo‘lga qo‘yilgan sohada davlat organlari va tashkilotlari tomonidan ushbu sohada sinov laboratoriyalari va sertifikatlash organlari tashkil etilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Muvofiqlikni baholash organlariga Milliy akkreditatsiya tizimida akkreditatsiya o‘tgan holda eksport bozorlarida talab etilayotgan xorijiy standartlar asosida muvofiqlikni baholash ishlarini o‘tkazishga ruxsat etiladi.
Loyihaoldi hujjatlarini ekspertizadan o‘tkazish tartibi o‘zgaradi
Loyihalar va import kontraktlarini kompleks ekspertiza qilish markazi" DM “Loyihalar va xaridlar samaradorligini oshirish markazi” DM etib qayta tashkil etiladi.
1-apreldan loyihaoldi hujjatlarni ishlab chiqish uchun texnik topshiriqlarni markazda kompleks ekspertizadan o‘tkazish bekor qilinadi. Ular markazning elektron platformasida joylashtiriladigan namunaviy shakl asosida ishlab chiqiladi.
15-apreldan qiymati $15 mln ekvivalentidan kam bo‘lgan, budjet tizimi mablag‘lari, davlat maqsadli jamg‘armalari, boshqa jamg‘armalar hamda Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi hisobidan moliyalashtiriladigan, shuningdek, korporativ buyurtmachilar tomonidan amalga oshiriladigan loyihalarning loyihaoldi hujjatlari markazda kompleks ekspertizadan o‘tkazilmaydi.
Pilla yetishtiruvchilarga subsidiya va foizsiz qarz beriladi
Pilla yetishtiruvchilarga (ipak qurti boquvchi va kasanachilarga) pillachilik klasterlari tomonidan haqiqatda pilla uchun to‘lab berilgan mablag‘larning 35%i miqdorida subsidiya ajratiladi. Mablag‘lar “mahalla yettiligi"ning kollegial qarori asosida beriladi.
Shuningdek, tutzorlarda pilla kooperativlarini tuzish maqsadida ushbu kooperativ a’zosi bo‘lgan kambag‘al oilalarga (har bir oilaning 1 nafar a’zosiga bir martalik) 4 mln so‘m miqdorida subsidiya beriladi. Bu O‘rmon va yashil hududlarni ko‘paytirish, cho‘llanishga qarshi kurashish agentligi balansidagi yer maydonlarida tashkil etiladigan tutzorlar uchun amal qiladi.
Bundan tashqari, ipak qurtini parvarishlashda zarur bo‘lgan asbob-uskuna va jihozlarni xarid qilish uchun kasanachilarga 3 yil muddatga BHMning 50 baravarigacha foizsiz ssuda ajratiladi.
Urug‘chilik korxonalariga esa ipak qurti urug‘larini tayyorlashga jalb etilgan har bir mavsumiy ishchi uchun oylik ish haqining 50%i miqdorida, biroq mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining ikki baravaridan oshmagan qismi kompensatsiya qilib beriladi.
Muvofiqlikni baholash sohasida tadbirkorlarga yengilliklar beriladi
Xususan, muvofiqlikni baholash organlari tomonidan akkreditatsiya sohasida ko‘rsatilgan pullik xizmatlar tushumidan olinadigan ajratmalar 2,5 barobarga kamaytirilib, 2% miqdorida belgilanadi hamda ushbu mablag‘lar to‘liq O‘zbekiston akkreditatsiya markazi ixtiyorida qoldiriladi.
Shuningdek, tadbirkorlar tomonidan ikki va undan ortiq akkreditatsiyadan o‘tgan holda muvofiqlikni baholash xizmatlari yo‘lga qo‘yilgan sohalarda davlat organlari va tashkilotlari tomonidan yangi sinov laboratoriyalari hamda sertifikatlash organlarini tashkil etishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Muvofiqlikni baholash organlariga Milliy akkreditatsiya tizimida akkreditatsiyadan o‘tgan holda eksport bozorlarida talab etiladigan xorijiy standartlar asosida muvofiqlikni baholash ishlarini o‘tkazishga ruxsat beriladi.
Notariuslikka talabgorlar uchun yagona tanlov o‘tkaziladi
Yagona tanlov Adliya vazirligi huzuridagi Oliy malaka komissiyasi hamda Bilim va malakalarni baholash agentligi tomonidan notarius lavozimi bo‘sh bo‘lgan yoki yangi notarius lavozimi ta’sis etilganda o‘tkaziladi.
Yagona tanlov 2 bosqichda (test sinovlari va amaliy imtihon) olib borilib, bu bo‘yicha e’lon “Inson va qonun” gazetasi va vazirlikning rasmiy veb-saytiga joylashtiriladi. 1-bosqich talabgorlarning ro‘yxati agentlikka taqdim etilgan kundan boshlab 10 kundan so‘ng, biroq 15 kundan kechiktirmay o‘tkaziladi.
Talabgorlar agentlikning elektron platformasi orqali davlat va jamiyat boshqaruvi, korrupsiyaga qarshi kurashish, fuqarolik huquqi, notariat va vorislik huquqi bo‘yicha test sinovini (40 ta test) topshiradi (60 daqiqa vaqt ajratiladi).
Testda 55 balldan yuqori to‘plaganlar muvaffaqiyatli o‘tgan hisoblanadi, agar talabgor tanlovning 2-bosqichidan o‘tolmasa, u 1 yil davomida testni qayta topshirishdan ozod etiladi.
2-bosqichda elektron platformada notarial harakatlar loyihalarini tayyorlash va muammoli masalaga (kazusga) javob berish (tayyorlanishga 20 daqiqa vaqt ajratiladi) bo‘yicha sinov o‘tkaziladi. To‘plangan ball eng yuqori ballning 55%idan yuqori bo‘lganda yagona tanlovdan o‘tgan hisoblanadi.
Davlat xaridlarida mahalliy ishlab chiqaruvchilarga narx preferensiyasi beriladi
Budjet buyurtmachilarining davlat xaridlari doirasida chet ellik yetkazib beruvchilar bilan bir qatorda mahalliy ishlab chiqaruvchilar ishtirok etganda ularga nisbatan taklif etilgan eng past import tovarlarining narxidan quyidagi miqdorlarda narx preferensiyasi beriladi:
- 3 ta va undan ortiq mahalliy ishlab chiqaruvchi ishtirok etsa — 15%;
- 2 ta mahalliy ishlab chiqaruvchi ishtirok etsa — 12%;
- 1 ta mahalliy ishlab chiqaruvchi ishtirok etsa — 8% miqdorida.
Fanlar akademiyasida ilmiy xodimlar faoliyati KPI asosida baholanadi
Fanlar akademiyasi o‘z tizimidagi ilmiy muassasalarda xorijiy ekspertlarni jalb etgan holda ilmiy xodimlar faoliyatining eng muhim samaradorlik ko‘rsatkichlari (KPI) va ilmiy muassasalar faoliyat samaradorligini baholash bo‘yicha reyting tizimini joriy etadi.
Bunda ilmiy muassasalar reytingi yil yakuni bo‘yicha kompleks indikatorlar asosida aniqlanib, “yashil”, “sariq”, “qizil” toifalarga ajratiladi.
Ularning yangi loyihalari reytingdagi toifasidan kelib chiqib, qo‘shimcha moliyalashtiriladi. Ilmiy muassasalar uchun yangi laboratoriya va bo‘limlar tashkil etiladi yoki shtat birliklari boshqa ilmiy muassasalarga o‘tkazilgan holda yopiladi.
Ilmiy xodimlar uchun KPI ularning faoliyat natijadorligi ko‘rsatkichlari bo‘yicha ballar asosida baholanadi.
Xorijiy turistlarni jalb qilgan tadbirkorlarga QQSning yarmi qaytariladi
Xalqaro konferensiya va tadbirlarni tashkil qilib, unga kamida 100 nafar chet ellik turistni jalb qilgan tadbirkorlarga ular tomonidan to‘langan QQSning 50%i qaytarib beriladi.
Aholi roziligi bilan daraxtzor yerlarni olib qo‘yishga taqiq joriy etiladi
O‘rmon fondiga kirmaydigan daraxt bilan qoplangan aholi punktlarining yer maydonlarini olib qo‘yish va boshqa maqsadlar uchun ajratishga jamoatchilik tomonidan taqiq qo‘yish bo‘yicha tashabbus kiritish imkoni yaratiladi.
Bunda fuqaro davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) orqali murojaat qiladi. Yer maydoni joylashgan mahalla aholisining kamida 10%i taqiq qo‘yishga rozi bo‘lganda, Ekologiya qo‘mitasi tomonidan maydonni olib qo‘yish va boshqa maqsadlar uchun ajratishga taqiq qo‘yiladi.
Kadastr agentligi tegishli yer maydoni xususiy mulk hisoblanmasligi yoki boshqa yer toifasiga kirmasligini o‘rganib, ijobiy hollarda ushbu maydonga qo‘yilgan taqiqni ro‘yxatdan o‘tkazadi.
Ekologik qonunbuzarliklar uchun yuridik shaxslarga jarimalar qo‘llanadi
Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiatdan foydalanish sohasidagi qonunchilikni buzganlik uchun yuridik shaxslarga moliyaviy sanksiyalarni qo‘llash tartibi joriy etiladi.
Bunda sanksiyalar pul undirish (jarimalar) tarzida faqat yuridik shaxslarga qo‘llaniladi. Bir xil huquqbuzarlik uchun moliyaviy sanksiyalar qo‘llangan yuridik shaxslarning xodimlariga ma’muriy jazo chorasini qo‘llashga yo‘l qo‘yilmaydi.
Huquqbuzarlikning takroran sodir etilishiga yo‘l qo‘ymaslik haqida ogohlantirish olish hamda jarimani to‘lash qonunchilikning buzilishiga yo‘l qo‘ygan shaxsni Ekologiya qo‘mitasining qarorini (taqdimnomasini, ko‘rsatmasini) bajarish majburiyatidan ozod etmaydi.
Ko‘chmas mulk bitimlarini ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi o‘zgaradi
Ko‘chmas mulk va undagi ulushlar bilan bog‘liq barcha bitimlar notarius tomonidan Notarius axborot tizimi orqali davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun yuboriladi.
So‘ng, ko‘chmas mulk obyekti davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganda uning yangi mulkdori haqidagi ma’lumotlar kommunal xizmatlar tashkilotlarining elektron axborot tizimlariga avtomatik tarzda yuboriladi va ma’lumotlar bazalarida yangilanadi.
Notariuslar uchun maksimal yosh chegarasi oshiriladi
O‘zbekistonda notarius lavozimida bo‘lishning eng yuqori yosh chegarasi 65 yoshdan 70 yoshga oshiriladi.
Bunda Adliya vazirligi huzuridagi Oliy malaka komissiyasi tomonidan o‘tkaziladigan suhbat natijasiga ko‘ra notarius o‘z roziligi bilan ish faoliyatini 70 yoshgacha amalga oshirishi mumkin.
Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha yagona media-portal ochiladi
Bunda sun’iy intellekt har yili OAV va ijtimoiy tarmoqlardagi 10−15 mingta xabarni tahlil qiladi, korrupsiya signallarini aniqlaydi va davlat organlarining reaksiyasini kuzatib boradi.
Shuningdek, “Korrupsiyaga qarshi kurashish virtual akademiyasi” platformasi ishga tushirilmoqda. U orqali har yili 30 ming nafargacha davlat xizmatchisini real vaziyatlar simulyatsiyasi va bilimlarni test sinovlaridan foydalangan holda o‘qitish rejalashtirilgan.