Xalq deputatlari Toshkent viloyati kengashi Nurafshon va Toshkent shaharlari o‘rtasida tezyurar avtobus (Bus Rapid Transit, BRT) tizimini yo‘lga qo‘yish konsepsiyasini ma‘qulladi. Bu haqdagi qaror 24-mart kuni E-qaror portalida e‘lon qilindi.

Uzunligi 23 kilometr bo‘lgan yo‘nalish Nurafshon shahrining markaziy bozorini poytaxtning Bektemir tumanidagi Farg‘ona yo‘li va Oltintopgan ko‘chalari kesishmasi (Chirchiq daryosi ustidagi ko‘prik yaqinida) bilan bog‘laydi. Loyiha tashabbuskorlari — Transport vazirligi va Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi (O‘zavtoyo‘l).

Loyiha doirasida 19,2 km yo‘lni rekonstruksiya qilish rejalashtirilgan. Shuningdek, u ikkita yangi yo‘l o‘tkazgich, umumiy uzunligi 120 metr bo‘lgan beshta ko‘prik hamda drenaj tizimi va to‘qqizta yerosti piyodalar o‘tish yo‘llari qurilishini o‘z ichiga oladi.

avtobus, brt, jamoat transporti, nurafshon

Poytaxt hududida Farg‘ona yo‘li ko‘chasining bir qismini 12−16 tasmagacha kengaytirish ko‘zda tutilgan. Shundan 6 tasi asosiy yo‘lga, 4 tadan 8 tagacha qismi mahalliy dublyor yo‘llarga va ikkitasi avtobuslar uchun ajratilgan tasmaga to‘g‘ri keladi. Shaharlararo yo‘l sakkiz, Nurafshon shahridagi yo‘l esa 10 tasmadan (to‘rttasi asosiy trassada, to‘rttasi dublyor yo‘llarda, ikkitasi BRT uchun) iborat bo‘ladi.

Iyun oyi oxirigacha loyihaning texnik-iqtisodiy asoslanmasini ishlab chiqish va uni ekspertizadan o‘tkazish rejalashtirilmoqda. Uchinchi chorakda xalqaro moliya tashkilotlari bilan qarz shartnomalarini imzolash, to‘rtinchisida esa tender o‘tkazib, pudratchini tanlab olish kutilmoqda.

Qurilish ishlari 2027−2028-yillarda olib boriladi va 2028-yil oxiriga qadar loyihani foydalanishga topshirish rejalashtirilgan. Loyihaning umumiy qiymati $119,64 mlnga baholanmoqda.

Dastlabki smetaga ko‘ra, mablag‘lar quyidagicha taqsimlanadi:

  • yo‘l qoplamasini yangilash — $61,57 mln (xarajatlarning 51,5%);
  • yo‘l o‘tkazgichlar va ko‘priklar qurilishi — $5,26 mln (4,4%);
  • bekatlar qurilishi — $16,33 mln (13,6%);
  • muhandislik kommunikatsiyalari — $8,03 mln (6,7%);
  • yoritish tizimi — $6,898 mln (5,8%);
  • “aqlli” transport tizimini joriy etish — $13,35 mln (11,2%);
  • ko‘kalamzorlashtirish — $2,48 mln (2,1%);
  • kutilmagan xarajatlar — $5,69 mln (4,7%).

avtobus, brt, jamoat transporti, nurafshon

Yangi BRT tizimi ishga tushgach, kuniga 50 mingdan ortiq yo‘lovchi tashish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Maxsus tasmadagi o‘rtacha harakatlanish tezligi 60 km/soatni tashkil etadi, Toshkent va Nurafshon o‘rtasidagi qatnov vaqti esa 30 daqiqagacha, ya‘ni hozirgiga nisbatan 30−40% ga qisqaradi.

Loyiha amalga oshirilgach, uning 20 yillik ekspluatatsiya davridagi umumiy iqtisodiy foydasi (ENPV) $18,5 mlnga baholanmoqda. Loyihaga kiritilgan sarmoyalar 8 yil ichida o‘zini qoplashi kutilmoqda.

Transport vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Toshkent viloyati hokimligi vakillaridan iborat muvofiqlashtiruvchi kengash tuziladi. Uning vazifalari qatoriga yer ajratish, kommunikatsiyalarni ko‘chirish, soliq va bojxona masalalari kabi idoralararo ishlarni hal etish kiradi.

Spot, avvalroq, Jahon banki O‘zbekistonga transport infratuzilmasini modernizatsiya qilish uchun $200 mln ajratishi haqida yozgandi.