Adliya vazirligi Abbott Products Operations AG kompaniyasining Imudon tovar belgisiga oid huquqlari buzilgani yuzasidan murojaatni ko‘rib chiqdi.
Tekshiruv davomida A.P. korxonasi Imudon nomiga fonetik jihatdan o‘xshash Imudon Nest belgisi ostida 31 159 dona kontrafakt mahsulot ishlab chiqargani aniqlandi.
Holat yuzasidan korxonaga bazaviy hisoblash miqdorining 200 baravari — 82 mln so‘m miqdorida jarima qo‘llandi.
Shuningdek, Imudon tovar belgisiga doir huquqlarni buzuvchi barcha harakatlarni zudlik bilan to‘xtatish majburiyati yuklatildi.
Vazirlik tadbirkorlarni o‘z brendlariga noqonuniy foydalanish holatlariga duch kelganda 1008 ishonch telefoni yoki info@adliya.uz orqali murojaat qilishga chaqirdi.
Mart oyi boshida prezident raisligida o‘tgan yig‘ilishda O‘zbekistonda sifatsiz va qalbaki dorilarning oldi-sotdisi bo‘yicha javobgarlik kuchaytirilishi aytilgandi. 2025-yili mamlakatda 57 mingdan ortiq nomdagi ro‘yxatdan o‘tmagan va kontrafakt dorilar aniqlangan.
Spot, avvalroq, Hofmann brendidan noqonuniy foydalangan korxona jarimaga tortilgani haqida yozgandi.