Uchta hududda noqonuniy oltin savdosi bilan bog‘liq holatlar aniqlandi, deb xabar berdi DXX.

Buxoro viloyatining Shofirkon tumanida yashovchi 25 va 21 yoshli shaxslar og‘irligi 110 gramm bo‘lgan nostandart shakldagi oltin quymasini $17 mingga sotayotganda ushlandi.

Oltinni qotishma shaklida yasab bergan shaxsning xonadonidan oltinni eritishga mo‘ljallangan uskunalar, prekursorlar hamda kislorod va suyultirilgan gaz ballonlari borligi maʼlum bo‘ldi.

Ekspertiza xulosasiga ko‘ra, ushbu oltin quymasining bahosi 209,75 mln so‘mni tashkil etadi.

Hozirda qonunbuzarlarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Shuningdek, Toshkent xalqaro aeroportida xorijdan uchib kelgan 46 yoshli chet el fuqarosi xolislar ishtirokida shaxsiy tintuvdan o‘tkazildi.

Natijada, u qiymati 290,51 mln so‘mlik og‘irligi 226 gramm bo‘lgan tilla buyumlarni oyoqlari ostiga yashirib, bojxona nazoratidan olib o‘tganligi aniqlandi. So‘ng zargarlik mahsulotlari protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.

Holat yuzasidan xorij fuqarosiga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Bundan tashqari, Andijon shahrida yashovchi 29 yoshli fuqaro Qirg‘izistondan Do‘stlik xalqaro nazorat o‘tkazish punkti orqali kirib kelgan vaqtida to‘xtatilib tekshirildi.

Uning yonida bojxona deklaratsiyasida ko‘rsatilmagan, taxminiy bahosi 400 mln so‘mlik 241 gramm tilla buyumlar borligi maʼlum bo‘ldi.

Aniqlanishicha, ushbu zargarlik mahsulotlari sotish maqsadida Turkiyadan Qirg‘iziston orqali olib kelinayotgan bo‘lgan.

Hozirda olingan ashyoviy dalillarga nisbatan ekspertiza tayinlanib, holat yuzasidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Spot, avvalroq, Farg‘onadan Qirg‘izistonga olib ketilayotgan 2,1 mlrd so‘mlik oltin quymalar to‘xtatilgani haqida yozgandi.