Markaziy bank P2P-o‘tkazmalarining maqsadini majburiy ko‘rsatish tartibini bekor qildi. Bu haqda bir qator Telegram kanallar xabar berdi. Mazkur ma‘lumotni Spot‘ga bank sohasidagi ikkita manba tasdiqladi.
Hozircha regulyator holat yuzasidan rasmiy izoh bermadi.
O‘zi nima gap?
Mart oyi boshida bir nechta fintex-xizmatlar foydalanuvchilar uchun kartalar o‘rtasida pul o‘tkazmalarining maqsadini ko‘rsatish talabini joriy etdi.
17-fevral kuni Markaziy bank banklar va to‘lov tashkilotlariga P2P-o‘tkazmalar uchun maqsadlar ro‘yxatini qo‘shish bo‘yicha ko‘rsatma yuborgan edi. Ulardan ilovalardagi P2P-o‘tkazmalar interfeysiga to‘ldirilishi majburiy bo‘lgan maqsad maydonini qo‘shish so‘ralgan.
Hujjatga 16 banddan iborat quyidagi jadval ilova qilingan:
- tovarlar yoki savdo uchun to‘lov;
- ovqatlanish va taom xarajatlari;
- qarzni qaytarish;
- yordam puli;
- oilasiga yoki qarindoshlariga o‘tkazma;
- sovg‘a;
- yetkazib berish haqi;
- ijara to‘lovi;
- kommunal to‘lovlar;
- safar xarajatlari;
- ta‘lim xarajatlari;
- tibbiy xarajatlar;
- xayriya;
- “minnatdorchilik uchun” to‘lov (choy puli);
- o‘yin-kulgi xarajatlari;
- investitsiya o‘tkazmalari.
Markaziy bank ko‘rsatmaning bajarilishi to‘g‘risidagi hisobotni “skrinshot ilova qilingan holda” o‘zining To‘lov tizimlari departamentiga taqdim etishning oxirgi muddatini 1-mart etib belgilagan.
Markaziy bankning pozitsiyasi
Oradan bir necha kun o‘tgach, Markaziy bank ushbu ko‘rsatma prezidentning 2025-yil 10-dekabrdagi naqd pulsiz hisob-kitoblarni ommalashtirish va yashirin iqtisodiyotni qisqartirish to‘g‘risidagi farmoni ijrosiga qaratilganini ma‘lum qildi.
Shuningdek, MB banklar va servislarga yangi funksiyani amalga oshirish yuzasidan o‘z taklif va mulohazalarini To‘lov tizimlari departamentiga taqdim etishni taklif qildi. Regulyator uni “individual texnik yechimlar va mobil qurilmalarning imkoniyatlari, ularning arxitekturasi, interfeys qulayligi, shuningdek, har bir bank ilovasining o‘ziga xos xususiyatlarini” hisobga olgan holda takomillashtirishni rejalashtirmoqda.
“Raqamli xizmatlar qulayligini oshirish” maqsadida banklar va to‘lov servislari yangi funksiyani ixtiyoriy ravishda joriy etishi, P2P-o‘tkazmalari maqsadlari ro‘yxatiga qo‘shimcha variantlar qo‘shishi yoki keraksizlarini olib tashlashi mumkin.
Ro‘yxatni o‘zgartirish servisning ichki siyosati va texnik imkoniyatlariga asoslanishi mumkin. P2P-o‘tkazmalari maqsadlarini ko‘rsatishning takomillashtirilgan mexanizmi ishlab chiqish yakunlangach, “alohida tartibda” qo‘shimcha ravishda taqdim etiladi.
Markaziy bank yangilikning asosiy maqsadi “onlayn-platformalar o‘rtasida sog‘lom raqobatni rivojlantirish va naqd pulsiz to‘lovlarni kengaytirish” ekanini qayd etdi. Regulyator uning yordamida banklar va to‘lov servislari mijozlarga yangi xizmatlarni taklif qila olishidan umidvor.
Spot, avvalroq, Markaziy bank fevralda 11 ta bankni jarimaga tortgani haqida yozgandi.