Bir nechta fintex-xizmatlar foydalanuvchilar uchun kartalar o‘rtasida pul o‘tkazmalarining maqsadini ko‘rsatish talabini joriy etdi. Spot muxbirlari yangi funksiya, xususan, Uzum Bank’da mavjudligini tekshirdi.
Foydalanuvchi pul jo‘natishda 16 ta banddan birini tanlashi kerak bo‘ladi:
- tovarlar yoki savdo uchun to‘lov;
- ovqatlanish va taom xarajatlari;
- qarzni qaytarish;
- yordam puli;
- oilasiga yoki qarindoshlariga o‘tkazma;
- sovg‘a;
- yetkazib berish haqi;
- ijara to‘lovi;
- kommunal to‘lovlar;
- safar xarajatlari;
- ta’lim xarajatlari;
- tibbiy xarajatlar;
- xayriya;
- “minnatdorchilik uchun” to‘lov (choy puli);
- o‘yin-kulgi xarajatlari;
- investitsiya o‘tkazmalari.
Tranzaksiyani amalga oshirish uchun ro‘yxatda keltirilgan maqsadlardan birini tanlash majburiy hisoblanadi.
Spot vaziyatga aniqlik kiritish maqsadida regulyator matbuot xizmatiga murojaat qildi.
Markaziy bank matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, banklar va to‘lov tizimlari “raqamli servislarni rivojlantirish doirasida” pul o‘tkazmalari uchun aniqlashtiruvchi parametrlarni joriy etishi mumkin. Bunday yechimlar mobil ilovalar funksiyalarini yangilash tarkibiga kiradi.
Qayd etilishicha, yangiliklar xizmat ishini takomillashtirish va tranzaksiyalarning to‘g‘ri qayta ishlanishini ta’minlashga qaratilgan. Yangilanishlarning shakli va hajmini moliya tashkilotlari ilovaning arxitekturasini hisobga olgan holda mustaqil belgilaydi.
“Foydalanuvchi tomonidan kiritilgan ma’lumotlar faqat mobil ilova faoliyati doirasida qayta ishlanadi va uchinchi shaxslarga uzatilmaydi”, — deya qo‘shimcha qildi Markaziy bank matbuot xizmati.
Shuningdek, regulyator mobil ilovalar funksiyalarini takomillashtirish bo‘yicha “tavsiyalar"ga tayanilganini bildirdi.
2021-yilda Spot sotuvchilar xaridlar uchun to‘lovni kartadan kartaga o‘tkazma orqali amalga oshirishni so‘rash holatlari ko‘payganini qayd etgandi. Bu ularning soliqqa tortiladigan bazani kamaytirishga urinayotganini ko‘rsatadi, chunki bunday holatda hujjatlar bo‘yicha kompaniya go‘yoki hech narsa sotmaydi va xizmat ko‘rsatmaydi.
Shavkat Mirziyoyev 2023-yil fevral oyida soliq ma’murchiligini takomillashtirish to‘g‘risidagi farmonni imzolagan bo‘lib, unda P2P o‘tkazmalarini tartibga solish kuchaytirilgan. Unga ko‘ra, to‘lov xizmatlari provayderlari jismoniy shaxslar o‘rtasidagi o‘tkazmalar uchun, jumladan komissiya nol bo‘lgan taqdirda ham, xizmat ko‘rsatish bo‘yicha elektron hisob-faktura rasmiylashtirishi kerak edi.
Iqtisodchi va bloger Otabek Bakirov Iqtisodiyot va moliya vazirligi P2P tranzaksiyalari bo‘yicha ma’lumot to‘plashni istayotganini bildirgan. U 2020-yilda Davlat soliq qo‘mitasi oyiga 10 martadan ortiq kartadan kartaga o‘tkazma amalga oshirilgan hollarda banklarni mijozlar kartalaridagi pul aylanmasi haqida ma’lumot taqdim etishga majbur qilish rejalarini eslatgan.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi hisob-faktura yuborish narxini kamaytirish va jarayonni soddalashtirish rejalari borligini ma’lum qilgan, Soliq qo‘mitasi esa P2P o‘tkazmalariga soliq joriy etilishi haqidagi mish-mishlarni rad etgan.
2023-yilning fevralidagi prezidentning tegishli farmoni bilan o‘tgan yilning 1-mayidan jismoniy shaxslar o‘rtasida pul o‘tkazmalarini amalga oshiruvchi tashkilotlar elektron hisobvaraq-fakturani rasmiylashtirishlari va taqdim etishlari belgilangandi.
Biroq, bu ijtimoiy tarmoqlarda, keng jamoatchlik o‘rtasida muhokamalarga sabab bo‘ldi. Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmuratov Bu kabi jarayonlar regulyator bilan kelishilgan nizom va ko‘rsatmadan keyin amalga oshirilishi kerakligini ta’kidladi.
1-iyundan esa P2P o‘tkazmalari bo‘yicha elektron hisobvaraq-fakturalarni taqdim etish va rasmiylashtirish tartibi bekor qilindi.
P2P hisob-kitoblari ustidan nazoratni kuchaytirish rejalari haqidagi navbatdagi xabarlar 2024-yil bahorida paydo bo‘ldi. Yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish bo‘yicha prezident farmoni loyihasida Markaziy bank va Soliq qo‘mitasi o‘rtasida jismoniy shaxslar uchun 100 mln so‘mdan, yuridik shaxslar uchun esa 500 mln so‘mdan ortiq tovarlar uchun amalga oshirilgan o‘tkazmalar bo‘yicha ma’lumot almashish joriy etilishi rejalashtirilgan edi.
Joriy yil yanvar oyida Adliya vazirligi va Markaziy bank moliyaviy xizmatlar ko‘rsatishda kiberxavfsizlik hamda firibgarlikka qarshi kurash bo‘yicha talablarni tasdiqladi. Ular P2P o‘tkazmalarini amalga oshirishda majburiy bir martalik OTP-kodlarni joriy etishni nazarda tutadi.
Avvalroq Soliq organlari fuqarolarning 29 ta xorijiy onlayn servisga to‘lovlari bo‘yicha banklardan ma’lumot so‘ragani haqida xabar berilgandi.
Qo‘mitaga ko‘ra, bu ma‘lumotlar soliq bazasini va to‘lanishi lozim bo‘lgan QQS miqdorini hisoblash uchun kerak.