O‘zbekistonda sun’iy intellekt, mashinaviy o‘qitish va ma’lumotlar tahlili sohalari bo‘yicha mutaxassislar tayyorlashga qaratilgan Yandex ML School Uzbekistan ta’lim dasturining birinchi bitiruvchilari tayyorlandi. Dasturni 19 nafar ishtirokchi muvaffaqiyatli tamomladi va ularning ayrimlari allaqachon real texnologik loyihalar ustida ish boshlagan. Dasturning yangi oqimi uchun arizalar 10-sentabrgacha qabul qilinadi.
Ta’lim dasturi ikki semestr davom etdi va oflayn formatda tashkil qilindi. U Yandex`ning Ma’lumotlar tahlili maktabi ekspertlari tomonidan mashinaviy o‘qitish va matematika sohasidagi o‘qituvchi hamda mutaxassislar bilan hamkorlikda ishlab chiqildi. Darslar ingliz tilida olib borildi va fundamental fanlar bilan birga amaliy masalalarni yechishni ham qamrab oldi. Loyihaning akademik hamkori sifatida “Yangi O‘zbekiston” universiteti (Nyew Uzbekistan University) ishtirok etdi.
Dastur davomida talabalar amaliy loyihalar va professional musobaqalarda qatnashdi. Maktabning uchta jamoasi dasturning akademik rahbari Mahmud Sodiqov boshchiligida ML Community Hackathon g‘oliblari qatoriga kirdi.
Yandex ML School Uzbekistan bitiruv tadbirida Yandex Uzbekistan hamda mamlakat raqamli iqtisodiyotini rivojlantirayotgan boshqa kompaniyalar, jumladan, Ucell, Click va Korzinka vakillari ishtirok etdi.
Bitiruvchilar potensial ish beruvchilar bilan tanishib, karera imkoniyatlari haqida ma’lumot oldi va suhbatlardan o‘tish bo‘yicha kelishuvlarga erishdi.
Bitiruvchilarning bir qismi olingan bilimlarni allaqachon texnologik loyihalarda qo‘llashni boshlagan. Masalan, dastur ishtirokchilaridan biri Ucell telekom operatoridan ish taklifi olgan. Yana bir bitiruvchi Yandex Cloud tashabbusiga qo‘shilib, sun’iy intellekt texnologiyalari orqali o‘rmon yong‘inlarining oldini olishga qaratilgan loyihada ishtirok etmoqda.
2025-yilda Yandex ML School Uzbekistan`ning birinchi oqimi uchun taxminan 3000 ta ariza kelib tushgan. O‘quv jarayoni matematika, statistika, algoritmlar va mashinali o‘qitish yo‘nalishlarini qamrab oldi. Haftalik o‘quv yuklamasi 20−30 soatni tashkil etgan bo‘lib, unga leksiyalar, mustaqil ta’lim, vorkshoplar va industrial tadbirlarda ishtirok kirgan.
Yandex ML School Uzbekistan`ning yangi bosqichi uchun arizalar qabuli allaqachon boshlangan. Hujjatlar 2026-yil 10-sentabrgacha dastur sayti orqali qabul qilinadi.
Yandex ML School Uzbekistan kompaniyaning mamlakatda texnologik ta’limni rivojlantirish strategiyasini — maktab o‘quvchilari uchun dasturlar va informatika o‘qituvchilariga mo‘ljallangan kurslardan tortib, amaldagi mutaxassislar uchun intensiv dasturlargacha davom ettirmoqda.
Reklama huquqlari asosida.



