Avvalroq Spot Shavkat Mirziyoyev transport infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha taqdimot bilan tanishgani haqida yozgandi.

Transport vaziri Ilhom Mahkamov O‘zbekiston 24 telekanaliga bergan intervyusida Toshkent-Samarqand pulli avtomobil yo‘lini qurish loyihasi bo‘yicha qurilish kompaniyasi allaqachon aniqlanganini ma’lum qildi.

“Biz uzoq vaqt davomida tender o‘tkazdik va uning natijalariga ko‘ra Xitoy kompaniyasi aniqlandi. Hozir u bilan shartnoma tuzish va qurilish ishlarini boshlash bo‘yicha muzokaralar olib borilmoqda”, — dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, prezident pullik yo‘l qurilishiga zamonaviy yondashish, loyihalashtirishni tezlashtirish va texnik nazoratni amalga oshiradigan, ish sifatini nazorat qiladigan va loyiha yechimlarini ekspertizadan o‘tkazadigan xalqaro konsalting kompaniyasini jalb qilish zarurligini ta’kidladi.

Uzunligi 282 km bo‘lgan yangi pulli yo‘l Toshkent va Samarqand o‘rtasidagi qatnov vaqtini 2,5 soatgacha qisqartirish imkonini beradi. Qurilish 2026-yil iyul oyida boshlanishi rejalashtirilgan.

“Toshkent va Samarqandni bog‘laydigan mavjud yo‘l bugungi kunda uning o‘tkazish qobiliyatidan ko‘ra ko‘proq avtomobillarni o‘tkazmoqda. Yangi trassa nafaqat tirbandlikni kamaytiradi, balki odamlarga Samarqandga yoki belgilangan manzilga 2−2,5 baravar tezroq yetib borish imkonini beradi”, — deya qo‘shimcha qildi Transport vaziri.

pulli yo'l, qurilish, samarqand, toshkent, xitoy kompaniyasi

Alisher Mirsoatov. Foto: sjrinshot

O‘zbekiston Milliy banki boshqaruvi raisi Alisher Mirsoatovning ma’lum qilishicha, Toshkent-Samarqand pulli avtomobil yo‘li loyihasining qiymati taxminan $2,185 mlrdga baholanmoqda.

Loyihani to‘rt bosqichda amalga oshirish rejalashtirilgan bo‘lib, bankka zarur hollarda loyihani moliyalashtirishni ta’minlash topshirildi.

Mablag‘larni moliyalashtirishga jalb qilish uchun Xitoyning bir nechta banklari, jumladan, Xitoy taraqqiyot banki, Xitoy eksport-import banki va Xitoy kommunikatsiyalar bankini jalb qilish rejalashtirilgan.

Milliy bank rahbarining so‘zlariga ko‘ra, muzokaralar doirasida “brij” kreditlarini ajratish va loyihani amalga oshirishni jadallashtirish choralari ham muhokama qilingan.

Transport vazirining taqdimotidan ma’lum bo‘lishicha, qurilish ishlarining uzluksizligini ta’minlash uchun 1 yil muddatga $200 mln miqdorida brij-kredit jalb etilishi mumkin.

Mirsoatovning qo‘shimcha qilishicha, prezident pulli yo‘lning iqtisodiyot uchun strategik ahamiyatini ta’kidlab, qurilish ishlarini boshlashni tezlashtirish bo‘yicha topshiriq bergan.

Prezident Administratsiyasi Transport va logistikani kompleks rivojlantirish loyiha ofisi rahbari Otabek Ungboyevning aniqlik kiritishicha, Toshkent-Samarqand pulli avtomobil yo‘li loyihasining 85%ini ($1,857 mlrd) xorijiy kreditlar hisobidan jalb etish rejalashtirilgan, qolgan 15%i ($328 mln) O‘zbekiston budjetidan qoplanadi.


Avvalroq Spot Toshkentda uzunligi 100 km bo‘lgan pulli halqa yo‘li qurilishi rejalashtirilayotgani haqida yozgandi.