O‘zbekistonda UzNEX kriptobirjasining litsenziyasi bekor qilindi, deb xabar qildi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi matbuot xizmati.
Shu hafta ILMA direktori o‘z buyrug‘i bilan UzNEX kriptobirjasi faoliyati uchun Kobea Group xorijiy korxonasiga 2024-yil 22-fevralda berilgan litsenziyani bekor qildi. Qaror kompaniya murojaati asosida qabul qilindi va 2026-yil 25-maydan kuchga kirdi.
Litsenziyaning bekor qilinishi munosabati bilan Kobea Group mijozlarning pul mablag‘lari va kripto-aktivlarini qaytarish bo‘yicha murojaatlari uchun alohida refund@kobea-group.uz elektron pochtasini ochdi.
Shuningdek, UzNEX mijozlari kompaniya ofisiga ish vaqtida — soat 9:00 dan 18:00 gacha yoki +998 78 777−55−06 telefon raqami orqali murojaat qilishlari mumkin.
Mablag‘lar va kripto-aktivlarni qaytarish uch kundan o‘n ish kunigacha davom etishi kutilmoqda.
Agar kompaniya mablag‘larni qaytarish choralarini ko‘rmasa, mijozlarga ILMAga case_kobea@napp.uz elektron manziliga murojaat qilish tavsiya etiladi.
UzNEX saytiga kirishda “serverlarga texnik xizmat ko‘rsatish munosabati bilan” platforma faoliyati vaqtincha to‘xtatilgani haqida bildirishnoma ko‘rsatiladi. Bu davrda barcha ochiq buyurtmalar bekor qilinadi, savdo, hisobni to‘ldirish va pul yechib olish esa vaqtincha ishlamaydi.
Kobea Group haqida
Kobea Group xorijiy korxonasi 2019 yil yanvar oyida ro‘yxatdan o‘tgan. Ustav fondi 4,23 mlrd so‘m bo‘lgan kompaniya “qimmatli qog‘ozlar va tovarlar shartnomalari bo‘yicha brokerlik xizmatlari"ni ko‘rsatadi. Yagona ta’sischisi — Kobea Group Co LTD, rahbari — Li Chang Yong (Lee Chang Yong).

2019-yil 20-dekabrda Janubiy Koreyaning Kobea Group kompaniyasi kriptobirja faoliyatini amalga oshirish uchun birinchi litsenziyani oldi. Bir oy o‘tgach, o‘sha paytda Markaziy Osiyoda yagona bo‘lgan UzNEX kriptobirjasi ochildi.
Avvalroq Spot Qoraqalpog‘istonda maynerlarga o‘z ehtiyoji uchun neft va gaz qazib olishga ruxsat berilishi mumkinligi haqida yozgandi.