Shoxrux Nizamutdinov— FCB Artgroup Tashkent xalqaro kreativ agentligining boshqaruvchi hamkori.

U O‘zbekiston, Ozarbayjon, Gruziya va Rossiya bozorlarida ishlagan hamda xalqaro brendlar bilan hamkorlik qilgan. Taxminan, 10 yil davomida Carlsberg kompaniyasida ishlagan, keyinchalik Moskvada Global Spirits kompaniyasida faoliyatini davom ettirgan. 2011-yilda Ozarbayjonga ko‘chib o‘tib, marketing direktori lavozimini egallagan va Gruziya bozori uchun ham mas’ul bo‘lgan.

2017-yilda O‘zbekistonga qaytib, 2019-yilda hamkori bilan birgalikda Toshkentda mahalliy bozordagi birinchi xalqaro agentliklardan biri bo‘lgan FCB Artgroup Tashkent’ni ishga tushirgan.

Yoshligimda “Kitob o‘qiydigan odamlar har doim televizor ko‘radiganlarni boshqaradi”, degan gapni ko‘p eshitganman. Bu gap ancha o‘ylantirib qo‘ygan. Men televideniya asosiy axborot va ilhom manbai bo‘lgan davrda — MTV avjida, sifatli kontent kam, odamlar esa ilhomni yaltiroq jurnallardan olgan paytda ulg‘ayganman, deydi Shoxrux.

Uning fikricha, bugungi kunda maqola va kitoblardan qisqa parchalar ommalashgan bo‘lsa-da, bilimni chuqur o‘zlashtirish uchun asarni to‘liq o‘qish yoki tinglash muhim. Ayniqsa, o‘qilganlarini boshqalar bilan muhokama qilish va ulashish ma’lumotni yaxshiroq eslab qolishga yordam beradi.

Avvallari elektron kitoblarga ko‘nikish qiyin bo‘lgan bo‘lsa-da, vaqt o‘tishi bilan bu formatga moslashgan. Hozir uning uchun eng muhimi kitobning qiziqarli bo‘lishi. Agar dastlabki 20−30 sahifa e’tiborini tortmasa, kitobni davom ettirmaydi.

Shoxrux aynan kitob o‘qishga bo‘lgan qiziqish bugungi yutuqlariga zamin yaratganini ta’kidlaydi. Kitoblardan tashqari, muntazam podkastlar tinglaydi va bir vaqtning o‘zida ham foydali, ham qiziqarli bo‘lgan edutainment formatini yoqtiradi.

U Spotga ish uslubi va fikrlash tarziga katta ta’sir ko‘rsatgan hamda muntazam qayta o‘qib turadigan kitoblar haqida gapirib berdi.


“How Minds Change”, David McRaney

Marketolog faoliyati ko‘p jihatdan odamlar psixologiyasini tushunish va ularning qarashlariga ta’sir o‘tkaza olish bilan bog‘liq. Ushbu kitobda esa keskin bahs-munozaralarsiz, “yumshoq kuch” orqali insonlarning fikrini o‘zgartirishning samarali usullari yoritib beriladi.

Kitob insonni dunyoda turli qarashlarga o‘rin borligi va har kimning o‘z haqiqati bo‘lishi mumkinligi haqida o‘ylashga undaydi. Bunga bir paytlar internetda katta bahs uyg‘otgan “ko‘kmi yoki tillarang ko‘ylak?” haqidagi munozara misol bo‘la oladi — odamlar ayni bir obrazni turlicha qabul qilgandi. Muallif bu holatni nafaqat yorug‘lik bilan, balki insonning qanday muhitda ulg‘aygani bilan ham izohlaydi. Masalan, ko‘proq vaqtini tashqarida o‘tkazgan odamlar ko‘ylakni ko‘pincha tillarang sifatida ko‘rishi ta’kidlagan.

Gap shundaki, o‘z nuqtayi nazaringizni qanchalik ishonch va hissiyot bilan himoya qilsangiz ham, boshqa insonning ham o‘z haqiqati borligini unutmaslik kerak. Kitob esa nazorat qilish haqida emas, balki inson tabiatini tushunish va uni qabul qilish g‘oyasiga urg‘u beradi.

O‘qiganimdan so‘ng menda muhim bir tushuncha paydo bo‘ldi: inson o‘zining haqligiga hech qachon yuz foiz ishonmasligi kerak. Ayniqsa, turli konsepsiya yoki modellar muhokama qilinayotganda, har bir insonning o‘z dunyoqarashi va o‘z mantig‘i borligini hisobga olish muhim ahamiyat kasb etadi.

Biz ko‘pincha o‘z fikrimizni, hatto obyektiv faktlarga tayangan holda ham, yagona to‘g‘ri qarash deb bilishga moyil bo‘lamiz. Biroq bu yondashuv ham har doim to‘g‘ri bo‘lavermaydi, chunki har bir insonning idroki va fikrlash uslubi turlicha shakllanadi.

Bu kitob muloqotga bo‘lgan yondashuvimni o‘zgartirdi: endi keskin bahs-munozaralarga kamroq kirishaman, aksincha g‘oyalarni ko‘proq muhokama qilishga e’tibor qarataman. Agar kimnidir ishontirish zarurati tug‘ilsa, buni bosimsiz, yumshoq va muloqotga asoslangan tarzda amalga oshirishga harakat qilaman.

5 ta kitob, fcb, kitob, shoxrux nizamutdinov


“The Creative Act: A Way of Being”, Rick Rubin

Bu juda oson o‘qiladigan kitob. Rik Rubin esa o‘ziga xos va noyob shaxs: u Jay-Z, Metallica, LL Cool J hamda Red Hot Chili Peppers kabi ijodkorlar bilan hamkorlik qilgan. Shunisi qiziqki, yozuvchining o‘zi musiqiy ma’lumotga ega emas va cholg‘u chalishni bilmaydi. Uning asosiy vazifasi musiqani tinglash, sezgi hamda his-tuyg‘ularga tayangan holda samimiy va to‘g‘ri fikr bildirish.

Kitobda muallif ijodiy g‘oyalar noldan yaratilmasligini, balki ularni “tutib olish” kerakligini ta’kidlaydi. Buning uchun esa ochiq fikrli bo‘lish muhim ahamiyatga ega. Ijodkorlik bu dunyoni idrok etish usuli bo‘lib, uni har kuni rivojlantirib borish lozim.

Agar bu kitob menga qanday ta’sir qilgani haqida gapiradigan bo‘lsam, avvalo ijoddagi “taranglikni olib tashlash” hissini berdi. Kitob meditativ xususiyatga ega bo‘lib, aniq vositalarni o‘rgatishdan ko‘ra, ko‘proq ongli va fikrga ochiqlikni rivojlantirishga undaydi.

U bir qolipga tushib qolmaslik, masalaning tub mohiyatini to‘liq anglamay turib oldindan xulosa chiqarmaslik, aksincha yangi ma’lumotlar va g‘oyalar uchun doimo ochiq bo‘lish haqida. Kitobdagi asosiy fikrlardan biri shuki, ma’lum bir bosqichda ham o‘qish va o‘rganishni davom ettirishga tayyor ekaningizni tan olish muhimdir. Bu esa hali ko‘p narsani bilmasligingizni va buni qabul qilishni anglatadi.

To‘plangan tajribaga qaramay, xuddi hech narsani bilmaydigandek doimo yangilikka ochiq bo‘lish lozim. Bu biroz ziddiyatli eshitilishi mumkin, chunki tajribaning o‘zi bilimlarni shakllantiradi. Biroq aynan shu tajribani ma’lum muddat “chetga surib qo‘yish” qobiliyati yangi g‘oyalar va kashfiyotlar paydo bo‘lishiga imkon yaratadi.

Kitob kreativlik har bir narsada mavjud ekanini ko‘rsatadi: u alohida bir kasb emas, balki fikrlash uslubidir. Aniq instrumentlar va amaliy vositalar berilgan “Beloved brands” kitobidan farqli o‘laroq, bu asarda asosiy urg‘u ko‘proq ilhomlanish va ichki holatga qaratilgan.

5 ta kitob, fcb, kitob, shoxrux nizamutdinov


“Beloved brands”, Graham Robertson

Brend marketingiga qiziquvchilar uchun amaliy kitob.

Ushbu kitobdagi bilimlarni kompaniyamizda ko‘p yillardan beri amaliyotda qo‘llab kelmoqdamiz. U brending va marketing bo‘yicha eng amaliy qo‘llanmalardan biri bo‘lib, shunchalik aniq instrumentlar beradi-ki, ularni so‘zning to‘g‘ri ma’nosida ertasi kuniyoq ish jarayonida qo‘llash mumkin.

Ish vazifalari paydo bo‘lganda, masalan, strategiya ishlab chiqish zarur bo‘lsa, biz muntazam ravishda unga “shpargalka” sifatida qaytamiz. Kitob iste’molchining muammosi qayerda ekani, bozor nimalarni taklif qilayotgani, auditoriya nimani xohlashi va brend qanday qiymat yaratishini tushunishga yordam beradi. Aynan shu omillar kesishmasida pozitsiyalash shakllanadi. Shuningdek, u iste’molchi uchun hissiy va funksional foydalarni qanday aniqlashni ham batafsil tahlil qiladi.

Yagona kamchiligi misollarning aksariyati yirik transmilliy brendlarga qaratilgan. Shu sababli kichik va o‘rta biznes vakillari uchun ularni o‘z sharoitiga bevosita qo‘llash biroz qiyinroq bo‘lishi mumkin.

5 ta kitob, fcb, kitob, shoxrux nizamutdinov


“The Choice”, Edith Eva Eger

Muallif ushbu kitobni 90 yoshida yozgan va u jahon bestselleriga aylangan. Hatto mashhur teleboshlovchi Opra Uinfri ham uni o‘z shousiga taklif qilgan.

Men esa uni yanvar oyida, asosan, Tokioga borib-kelish reyslaridagi parvozlar davomida o‘qib tugatganman.

Ushbu asar Ikkinchi jahon urushi dahshatlari, konslager azoblari, hibsga olingan ilk kunidayoq ota-onasidan ayrilish va urushdan keyingi og‘ir yillarni boshdan kechirgan qizning avtobiografiyasi haqida. Shunga qaramay, u ruhan sinmagan aksincha psixoterapevt bo‘lib yetishib, boshqalarga yordam bera olish uchun o‘zida kuch topa olgan.

“Tanlov” so‘zning haqiqiy ma’nosidagi bestseller asardir. Kitobning asosiy g‘oyasi shundan iboratki, hayotda ko‘p narsani sodir bo‘lgan voqealarning o‘zi emas, balki bizning ularga bo‘lgan munosabatimiz va reaksiyamiz belgilaydi.

Har kuni kayfiyatimizni buzishi yoki muvozanatdan chiqarishi mumkin bo‘lgan vaziyatlarga duch kelamiz. Biroq ularga qanday munosabat bildirish bu bizning shaxsiy tanlovimizdir. Salbiy fikrlarga yopishib olib, ularni tinimsiz o‘ylash ham mumkin, yoki aksincha, vaziyatga boshqacha nazar tashlab, uning bizga ta’sirini cheklash ham mumkin.

Muallif o‘z tajribasi orqali shuni ko‘rsatadiki, hatto eng og‘ir sharoitlarda ham insonda tanlov imkoniyati saqlanib qoladi. U sodir bo‘layotgan voqealarni qanday qabul qilishi va keyinchalik qanday yashashini o‘zi belgilaydi. Buning uchun xuddi shunday sinovlarni boshdan kechirish shart emas, balki ushbu tajribani eshitish va anglab yetishning o‘zi ham yetarli bo‘lishi mumkin.

5 ta kitob, fcb, kitob, shoxrux nizamutdinov


“Ishqqa oid 40 qoida”, Elif Shafaq

Bu buyuk fors shoiri Jaloliddin Rumiy va so‘fiy Shams Tabriziy o‘rtasidagi uchrashuv hamda ularning chuqur do‘stligi haqida hikoya qiladi.

Bu insonning ichki o‘zgarishi haqidagi kitob: bosh qahramon hurmatli ulamo bo‘lib, jamiyatda yuqori mavqega ega bo‘lishiga qaramay, o‘zining asl hayotiy burchi va haqiqatni izlab topish uchun odatiy va farovon hayotidan voz kechadi.

Aslida, bu kitob tasavvufga bo‘lgan qiziqishni qaytadan uyg‘otdi. Taxminan, 20 yil avval bu mavzuga juda qiziqqanman, turli mualliflarni, jumladan, Umar Xayyom ruboiylarini ham o‘qiganman. Vaqt o‘tishi bilan bu qiziqish susaygandi, biroq “Sevgining 40 qoidasi"ni o‘qigach, yana unga qaytdim.

Aytish mumkinki, bu kitob ushbu mavzu men uchun doimo muhim bo‘lib kelganini eslatdi. Hozirda tasavvuf bilan bog‘liq matnlarni qayta mutolaa qilyapman va bu yo‘nalishni o‘zim uchun yangidan kashf etyapman.

Maslahatim, kitoblarni o‘qing, ularni qayta hikoya qilib bering, qaydlar olib boring va ulardagi muhim fikrlarni daftarga ko‘chirib boring. Bu materialni yaxshiroq o‘zlashtirishga hamda uni amaliyotda qo‘llashga yordam beradi.

5 ta kitob, fcb, kitob, shoxrux nizamutdinov


“Change Your Brain: Neuroscientist Dr. Andrew Huberman”, Rick Roll’s podcast

Bu son neyrobiologiya va fiziologiyaga, xususan sirkad ritmlarga bag‘ishlangan. Undagi asosiy tezislardan biri tongni to‘g‘ri boshlashning muhimligi. Uyg‘ongan zahoti telefonga chalg‘imasdan, ochiq havoga chiqish va tabiiy quyosh nuridan foydalanish tavsiya etiladi. Bu sirkad ritmlarni faollashtirib, miyani “uyg‘otishga” va kun rejimiga tezroq kirishib ketishga yordam beradi.

Gap aynan, quyoshga tik qarab turish haqida emas, balki ko‘zlar va organizmning tabiiy kunduzgi yorug‘likni qabul qilishiga imkon berish haqida bormoqda. Zaruriy biologik jarayonlarni ishga tushirish uchun shuning o‘zi yetarli.

Umuman olganda, ushbu podkast oddiy kundalik odatlar insonning holati, mahsuldorligi va umumiy kayfiyatiga qanchalik kuchli ta’sir ko‘rsatishini juda yaxshi ochib bergan.

5 ta kitob, fcb, kitob, shoxrux nizamutdinov