Avvalroq Spot Shavkat Mirziyoyev 26-may kuni kichik biznesni rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish to‘g‘risida farmon qabul qilgani haqida yozgandi. Hujjat bilan umumiy ovqatlanish va savdo sohasi uchun soliq solishning soddalashtirilgan tartibi joriy etilmoqda.

Prezident farmoni xizmat ko‘rsatish sohalarida kichik va o‘rta biznes uchun bir qator tartib-taomillarni soddalashtirishni nazarda tutadi.

Shunday qilib, 1-iyundan boshlab mehmonxonalar va umumiy ovqatlanish muassasalari alkogol va tamaki mahsulotlari uchun to‘lovni naqd pulda qabul qilishlari mumkin bo‘ladi.

Mehmonxonalar, kafe va restoranlar tomonidan alkogolli mahsulotlar xarid qilinganda ularning raqamli markirovka kodlari yakuniy iste’molchilarga sotilgan deb e’tirof etiladi.

Soliq solishning umumiy tartibi bo‘yicha faoliyat yurituvchi umumiy ovqatlanish muassasalari naqd pulsiz to‘lovlar ulushidan qat’i nazar, to‘langan QQSning 40%igacha bo‘lgan qismini qaytarib olishlari mumkin bo‘ladi.

Hozirda QQSning 40%ini qaytarish uchun kafe va restoranlar tushumning kamida 60%ini naqd pulsiz shaklda olishlari kerak, aks holda faqat 20% soliq qaytariladi.

Shuningdek, umumiy ovqatlanish sohasida ayrim toifadagi xodimlarni kun davomida va muayyan muddatga ishga joylashtirishning soddalashtirilgan tartibi joriy etiladi. Rasmiylashtirish mehnat organlarining mobil ilovasi orqali amalga oshiriladi.

Umumiy ovqatlanish, savdo va xizmat ko‘rsatish muassasalari uchun tutash hududlarning ijara stavkasi Soliq kodeksiga muvofiq hisoblanadigan yer solig‘i summasiga teng bo‘ladi.

2027-yil 1-yanvardan boshlab tadbirkorlarga maydoni 1000 kv. metrdan ortiq bo‘lgan ko‘chmas mulk obyektlarini ijaraga berishda soliq solish uchun eng kam ijara stavkasi qo‘llanilmaydi. Toshkent shahridagi obyektlar bundan mustasno.

Bundan tashqari, kelgusi yildan boshlab alkogolni chakana sotish va umumiy ovqatlanish muassasalarida alkogolni realizatsiya qilish uchun ruxsatnomalar uchun yagona yig‘im stavkasi joriy etiladi. U BHMning 10% iga teng bo‘ladi (hozir — 41 200 so‘m).

2028-yilgacha soliq risklari risk-tahlil tizimi orqali aniqlangan taqdirda 500 mln so‘mgacha bo‘lgan riskda soliq auditi, 100 mln so‘mgacha bo‘lgan riskda esa sayyor tekshiruv o‘tkazilmaydi.

Soliq qo‘mitasiga kameral soliq tekshiruvlari doirasida soliq to‘lovchilarning bank hisobvaraqlari bo‘yicha tushuntirish yoki tuzatishlar berish bilan bog‘liq operatsiyalarni avtomatlashtirish topshirildi.


Avvalroq Spot Qoraqalpog‘iston va Xorazmda xarid cheklari uchun avtomobil o‘ynalishi haqida yozgandi.