Qoraqalpog‘iston va Xorazmda berilgan xarid cheklari asosida yutuqli o‘yinlar tashkil etiladi. Bu bo‘yicha hukumatning tegishli qarori qabul qilindi.
Hujjatga ko‘ra, 2026-yil 1-iyuldan Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazmdagi savdo va xizmat ko‘rsatish obyektlarida amalga oshirilgan xaridlar bo‘yicha nazorat-kassa texnikasi orqali berilgan cheklar asosida yutuqli o‘yinlar o‘tkaziladi.
Qaror bilan tasdiqlangan nizomga asosan, xarid cheklarini Soliq ilovasi orqali ro‘yxatdan o‘tkazgan har bir shaxs yutuqli o‘yin ishtirokchisiga aylanadi.
Ilovada har bir shaxsga ro‘yxatdan o‘tkazilgan xarid cheklarining yutuqli o‘yinga kiritilgani haqida maʼlumot berib boriladi.
Yutuqli o‘yin har oyda ilovadagi Yutuqli o‘yinlar platformasi orqali o‘tkaziladi.
Tanlov 1 oy davomida ishtirokchilar tomonidan ro‘yxatdan o‘tkazilgan xarid cheklari jamlanmasi doirasida o‘tkaziladi. G‘oliblar inson omilisiz xarid chekini tasodifiy tanlab olish asosida aniqlanadi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida har bir yutuqli o‘yin g‘olibiga bosh sovrin sifatida avtomashina taqdim etiladi.
Spot, avvalroq, ko‘chmas mulk uchun soliq bazasining bozor narxi qanday hisoblanishi haqida yozgandi.