Hukumat ayrim tovarlar uchun soliq bazasini ularning bozor qiymati asosida hisoblash tartibini tasdiqladi. 18-maydagi qaror Lex.uz portalida e‘lon qilindi.

Hukumat yangi tartibga asos sifatida Soliq kodeksining 248-moddasini keltirmoqda. Ushbu modda soliq organlariga tovar va xizmatlar bozor narxidan ancha yuqori yoki past narxlarda sotilganda, soliq bazasiga tuzatishlar kiritishga ruxsat beradi.

Nizom ko‘chmas mulk obyektlariga, shuningdek, yog‘ochdan yasalgan buyumlarga nisbatan qo‘llanadi. Agar hujjatlardagi narx xuddi shunday yoki o‘xshash tovarning o‘rtacha bozor qiymatidan 20% ga past bo‘lsa, soliq bazasiga o‘zgartirishlar kiritiladi.

Qiyosiy bozor qiymatini hisoblash uchun bir xil yoki o‘xshash tovarlarning oldi-sotdi shartnomalarida ko‘rsatilgan xarid narxlari to‘g‘risidagi ma‘lumotlardan foydalaniladi. Taqqoslashda buyumlarni yetkazib berish xususiyatlari, bitim o‘tkazilgan joy (tuman, shahar, hudud) va soliq organlari uchun muhim bo‘lgan boshqa ma‘lumotlar inobatga olinishi mumkin.

Xususan, nizom soliq organlariga quyidagi ma‘lumotlar manbalaridan foydalanishga ruxsat beradi:

  • notariuslarning yagona avtomatlashtirilgan axborot tizimidagi ma‘lumotlar;
  • bojxona to‘lovlarini hisoblashda foydalaniladigan tovarlarning qiymati to‘g‘risidagi ma‘lumotlar;
  • birja narxlari va kotirovkalari;
  • davlat xaridlari va auksion platformalari;
  • sotuvchilarning preyskurantlari;
  • ommaviy axborot vositalari va internet-resurslar;
  • banklarga garov sifatida taqdim etilgan tovarlarni qayta baholash to‘g‘risidagi ma‘lumotlar;
  • O‘zbekiston va boshqa mamlakatlarning baholash faoliyati to‘g‘risidagi qonunchiligiga muvofiq hisoblangan tovarlarning bozor narxi haqidagi ma‘lumotlar.

Agar ko‘chmas mulk obyekti vakolatli organ (Kadastr agentligi) tomonidan bozor bahosidan o‘tkazilgan bo‘lsa, soliq bazasini hisoblash uchun uning ma‘lumotlaridan foydalaniladi.

Birja yoki boshqa elektron platformada sotilgan tovarning bozor qiymatini aniqlashda bitim tuzilgan kundagi o‘xshash tovarlarning narxlari (kotirovkalari) to‘g‘risidagi ma‘lumotlardan foydalaniladi. Ular mavjud bo‘lmagan taqdirda, bir turdagi tovarlarning narxlari asos qilib olinadi.

Belgilangan bozor qiymati sotish narxi bilan taqqoslanadi. Agar sotish narxi pastroq bo‘lsa, soliq bazasiga ko‘rsatkichlar o‘rtasidagi ijobiy farqning bozor narxidan arzon sotilgan tovar hajmiga ko‘paytmasi qo‘shiladi. Bunda qo‘shimcha hisoblangan soliqlarga nisbatan moliyaviy jarimalar qo‘llanmaydi.

Bu holda qo‘shimcha hisoblangan qo‘shilgan qiymat solig‘i summasi chegirib tashlanadigan xarajat hisoblanadi (soliq tekshiruvlari yakunlari bo‘yicha qo‘shimcha hisoblangan to‘lovlar bundan mustasno).

Nizom talablari quyidagilarga nisbatan tatbiq etilmaydi:

  • transfert narxlarini belgilash doirasida nazorat qilinadigan bitimlar;
  • davlat tomonidan belgilangan qat‘iy narxlardagi bitimlar;
  • narxlari davlat tomonidan tartibga solinadigan tabiiy monopoliya subyektlarining tovarlari;
  • Prezident va Vazirlar Mahkamasi qarorlariga muvofiq pasaytirilgan narxlarda sotiladigan tovarlar;
  • birja savdolari natijalari bo‘yicha tuzilgan bitimlar.

Spot, avvalroq, O‘zbekistonda foyda, QQS va yer solig‘i tushumlari keskin oshgani haqida yozgandi.