Avvalroq prezidentning soliq organlari faoliyatini institutsional jihatdan takomillashtirish va soliq maʼmuriyatchiligida zamonaviy yondashuvlarni joriy etish bo‘yicha farmoni qabul qilingani haqida xabar berilgandi.
Farmonga ko‘ra, 2027-yildan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar bo‘yicha soliq vakolatli organlarning soliq organlariga taqdim etgan maʼlumotlari asosida hisoblab chiqariladi.
Soliq to‘lovchi tomonidan soliq hisobotini taqdim etish majburiyati bekor qilinadi.
Jismoniy shaxslarning ipoteka kreditlarini qoplashga yo‘naltirilgan daromadlari bo‘yicha soliq imtiyozlarini qo‘llash proaktiv tartibda amalga oshiriladi. Bunda imtiyoz qo‘llash natijasida yuzaga kelgan ortiqcha summa jismoniy shaxsning murojaatiga asosan 10 ish kuni ichida qaytariladi.
Kelgusi yildan yirik soliq to‘lovchilarni aniqlashning yangi mezoni joriy etiladi.
So‘nggi 12 oyda to‘langan soliqlar, yig‘imlar, davlat boji va soliq bo‘lmagan to‘lovlar hajmi BHMning 500 ming baravaridan (2,06 mlrd so‘m) oshgan korxonalar hamda tijorat banklari o‘ta yirik soliq to‘lovchi deb tan olinadi.
2026/2027-o‘quv yilidan bakalavriat taʼlim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklarida kadrlar tayyorlash maqsadida Soliq qo‘mitasi huzurida Soliq oliy maktabi tashkil etiladi.
2027-yil 1-yanvardan soliq sohasida alohida tashabbus ko‘rsatgan, soliq tizimi rivojiga hissa qo‘shgan shaxslarni rag‘batlantirish maqsadida Soliq xizmati fidoyisi ko‘krak nishoni taʼsis etiladi.
Spot, avvalroq, O‘zbekistonda tirik baliq, qo‘y, sigir, echki va asalarilar uchun QQS bekor qilinishi haqida yozgandi.