Iqtisodiyot va moliya vazirligi elektr energiyasi va tabiiy gaz tariflarining oshirilishi bilan O‘zbekiston Milliy investitsiya jamg‘armasining (UzNIF) birlamchi ommaviy taklifi (IPO) o‘rtasida bog‘liqlik borligini rad etdi. Bu haqda 20-may kuni UzNIF IPO‘siga bag‘ishlangan matbuot anjumanida iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari ma‘lum qildi, deya xabar beradi Spot muxbiri.

Neft-gaz sohasiga mas‘ul bo‘lgan iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Xurshed Mustafoyev hukumatning o‘tgan yilgi qaroriga ko‘ra, elektr energiyasi va gaz tariflari har yili taxminan inflatsiya darajasida indeksatsiya qilinishi mumkinligini eslatib o‘tdi. Shu bilan birga, u tariflar oshirilishini korxonalarning yillik inflatsiya bilan bog‘liq qo‘shimcha xarajatlarini qoplashga qaratilgan indeksatsiya deb atash kerakligini ta‘kidladi.

“Oshirish 2026-yilning may oyiga ham rejalashtirilgan edi. Tariflar har yili indeksatsiya qilinadi, shuning uchun bu yerda IPO‘ga aloqadorlik yo‘q. Albatta, bu korxonalarning moliyaviy holatiga ijobiy ta‘sir ko‘rsatadi, biroq buni IPO‘ga tayyorgarlik doirasida ataylab qilingan deb ayta olmayman”, — deya qayd etdi vazir o‘rinbosari.

O‘tgan hafta Vazirlar Mahkamasi 1-iyundan boshlab elektr energiyasi va tabiiy gaz tariflarini qariyb 10% ga oshirishni tasdiqladi. Aholi uchun gazning minimal tarifi bir kubometr uchun 1100 so‘mni, elektr energiyasi uchun esa 1 kVt⋅soatga 650 so‘mni tashkil etadi.

UzNIF portfeli O‘zbekistonning 13 ta yirik davlat korxonasidagi, jumladan, Hududgazta‘minot va Hududiy elektr tarmoqlari‘dagi minoritar ulushlarni (har birida 40% dan) o‘z ichiga oladi.

29-aprel kuni UzNIF $1,95 mlrdgacha bo‘lgan IPO boshlanganini eʼlon qilgandi. 6-may kuni UzNIF IPOsi bo‘yicha buyurtmalar kitobi taklifdan uch baravardan ko‘proq oshganini xabar berilgandi.

Keyinroq UzNIF aksiyalari Toshkentdagi savdolarning birinchi kunida keskin oshgani aytildi. Qimmatli qog‘ozlar bir yarim soat ichida 37% ga qimmatlashdi, eng yuqori nuqtada esa aksiya narxi 7,5 ming so‘mga yetdi.

Spot, avvalroq UzNIF IPOsidan so‘ng yangi joylashtiruvlar bo‘lishi haqida yozgandi.