Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva O‘zbekiston Milliy investitsiya jamg‘armasining (UzNIF) birlamchi ommaviy taklifi (IPO) ortidan yangi joylashtiruvlar bo‘lishini e‘lon qildi. Bu haqda u 18-may kuni London fond birjasida (LSE) jamg‘armaning global depozitar tilxatlarini (GDR) savdoga qo‘yishga bag‘ishlangan marosimda ma‘lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi to‘qqiz yil ichida O‘zbekiston “ko‘p jihatdan yopiq” iqtisodiyotdan raqobatbardosh, sarmoyaviy jozibador va jahon iqtisodiyotiga tobora integratsiyalashib borayotgan mamlakatga aylandi. U IPO nafaqat kapital jalb qilish vositasi, balki O‘zbekiston institutlarining yangi avlodiga ishonchni mustahkamlash usuli ekanini ham alohida ta‘kidladi.
UzNIF O‘zbekistonning energetika, transport, moliya va sanoat sohalaridagi bir qator muhim kompaniyalarini birlashtiradi. Uning fikricha, jamg‘arma zamonaviy O‘zbekistonni — kelajakka oid ulkan maqsadlari, izchil islohotlari va jahon sahnasidagi o‘z o‘rniga bo‘lgan ishonchi yuksalib borayotgan mamlakatni aks ettiradi.
“Bu bir martalik aksiya emas. Biz yangi listinglarni tayyorlayapmiz, xususiy sektor ishtirokini kengaytirmoqdamiz hamda mintaqamiz uchun xalqaro tan olingan huquqiy standartlar asosida faoliyat yuritadigan ishonchli moliyaviy va investitsiyaviy platformani shakllantirishdek ulkan maqsad bilan Toshkent xalqaro moliya markazini tashkil etmoqdamiz. Biz uchun o‘sishning nafaqat o‘zi, balki uning sifati ham muhimdir”, — deb ta‘kidladi Mirziyoyeva.





Prezident administratsiyasi rahbari Franklin Templeton kompaniyasiga dastlabki bosqichdayoq O‘zbekistonga bildirgan ishonchi va jahon darajasidagi professionalligi uchun alohida minnatdorlik bildirdi. Shuningdek, u sarmoyadorlarga ishonch uchun hamda London fond birjasi va britaniyalik hamkorlarga ko‘rsatgan yordami uchun tashakkur izhor etdi.
Bugun O‘zbekiston Londonga ochiq bo‘lishni istaydigan “chegara bozori” (frontier market) sifatida emas, balki o‘z iqtisodiy kelajagini ongli ravishda o‘zgartirayotgan mamlakat sifatida kelmoqda. “Va biz hozir endigina yo‘lning boshidamiz”, — deya so‘ziga yakun yasadi u.
Bundan tashqari, Mirziyoyeva o‘zining Telegram kanalida tizimli va izchil islohotlar tufayli iqtisodiyot uch barobar o‘sgani, davlat institutlari samaradorligi oshgani, investorlar uchun kafolatlar mustahkamlangani, bu esa O‘zbekistonning global kapital bozori uchun yana-da ochiq va ishonchli hamkorga aylanishiga imkon berganini yozdi.
Birjaga chiqish
29-aprel kuni UzNIF $1,95 mlrdgacha bo‘lgan IPO boshlanganini eʼlon qilgandi. Unga ko‘ra, vazirlik fond aksiyalarining qariyb 30%ini Toshkent va London birjalarida joylashtirishni rejalashtirgan.
6-may kuni Spot o‘z manbalariga tayanib, UzNIF IPOsi bo‘yicha buyurtmalar kitobi taklifdan uch baravardan ko‘proq oshganini xabar qilgandi. Manbalardan biriga ko‘ra, agar talab taklifdan oshib ketsa, 200 mln so‘mgacha ariza bergan chakana investorlarga ustuvor taqsimot berilishi rejalashtirilgan.
Shunda Bloomberg joylashtirish hajmiga talab taklifdan oshib ketganini xabar qildi. Undan avval esa BlackRock, Franklin Resources va Redwheel kabi yakor investorlar $300 mlnlik buyurtma bergani maʼlum bo‘lgandi.
Bugun O‘zbekiston Milliy investitsiya jamg‘armasi aksiyalari London birjasida uch kun ichida 10%ga qimmatlagani haqida xabar berilgandi.
Keyinroq UzNIF aksiyalari Toshkentdagi savdolarning birinchi kunida keskin oshgani aytildi. Qimmatli qog‘ozlar bir yarim soat ichida 37% ga qimmatlashdi, eng yuqori nuqtada esa aksiya narxi 7,5 ming so‘mga yetdi.
2025-yil dekabr oyida Templeton Global Investments‘ning Markaziy Osiyo bo‘yicha bosh direktori Marius Dan Spot‘ga intervyusida UzNIF portfelidagi o‘zgarishlar, portfel kompaniyalari transformatsiyasi, O‘zsanoatqurilishbank‘ning portfelga qo‘shilishi hamda ikki tomonlama listingli IPO rejalari haqida gapirib bergandi.
Spot, avvalroq, IPO tahlili hamda Milliy investitsiya jamg‘armasi aksiyalarini sotib olish uchun ariza topshirish bo‘yicha yo‘riqnomani eʼlon qilgan edi.




