1-maydan jismoniy shaxslar o‘rtasida pul o‘tkazmalarini (P2P) amalga oshiruvchi tashkilotlar ko‘rsatilgan xizmatlar uchun komissiya olinishidan qat’i nazar, elektron hisobvaraq-fakturani rasmiylashtirishlari va taqdim etishlari belgilangan.

Biroq bu ijtimoiy tarmoqlarda hali ham keng muhokama bo‘lmoqda. Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmuratov bu bo‘yicha bank qarashlarini ma’lum qildi. Bu haqda “Spot” muxbiri xabar bermoqda.

“Biz bu haqda matbuot orqali xabar bermaganimiz o‘z fikrimizni bildirmaganimizni anglatmaydi. Farmon chiqqanidan so‘ng biz o‘z salbiy munosabatimizni Soliq qo‘mitasi, Iqtisodiyot va Moliya vazirligiga yetkazdik”, deydi Mamarizo Nurmuratov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, regulyator qarashi OAVdagi muhokamalardan ko‘ra qat’iyroq. Tartibga soluvchi organ bu buyruqning yakuniy maqsadi haqida hali ma’lumot olmagan.

“Bu buyruq 1-maydan qo‘llanilmaydi. Yakuniy maqsadga yetgach, shaxsiy ma’lumotlar maxfiyligiga oid konstitutsiyaviy va bank qonunlari bo‘yicha daxlsizlik tamoyillari to‘liq bajarilmasa, bu qoidalar va boshqa normalarni amalda qo‘llash Markaziy bank tomonidan ma’qullanmaydi”, — dedi Markaziy bank rahbari.

Bu kabi jarayonlar Markaziy bank bilan kelishilgan nizom va ko‘rsatmadan keyin amalga oshishi kerakligi ta’kidlangan.

Shuningdek, banklardan p2p o‘tkazmalari bo‘yicha ma’lumot so‘rash uchun tartib-nizom bo‘lishi zarur. Nizomda Markaziy bank roziligisiz banklarga o‘tkazib bo‘lmaydigan qoidani o‘z ichiga oladi.