Oliy davlatlararo kengashning birinchi yig‘ilishidan so‘ng Shavkat Mirziyoyev va Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon yirik kooperatsiya loyihalarini ishga tushirish marosimida ishtirok etdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Davlat rahbarlari 10 ta qo‘shma loyihani boshlab berdi.

Ular doirasida Tojikistonda mebel va charm mahsulotlari korxonalarini tashkil etish, maishiy texnika ishlab chiqarishni kengaytirish, to‘qimachilik quvvatlarini barpo qilish, Toshkentda turar joy majmuasi va savdo obyektlarini qurish hamda Farg‘ona viloyatida konserva mahsulotlari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish ko‘zda tutilgan.

Bundan tashqari, Andijon viloyatida sut mahsulotlari, Surxondaryo viloyatida esa meva sharbatlari va metall briketlar ishlab chiqarish quvvatlari ishga tushirildi.

Shuningdek, Yangi Toshkentdagi ko‘chalardan biriga Dushanbe shahri nomini berishga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston va Tojikiston prezidentlari taqdimot qilingan loyihalarning amalga oshirilishi ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikni yana-da kengaytirishga kuchli surʼat bag‘ishlashiga ishonch bildirdi.

O‘tgan yilning noyabrida Qozog‘iston prezidentining O‘zbekistonga tashrifi doirasida Shavkat Mirziyoyev va Qosim-Jo‘mart To‘qayev Yangi Toshkentda Ostona turar joy mavzesi qurilishiga start bergandi.

Spot, avvalroq, O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasida o‘zaro savdo 2030-yilgacha $2 mlrdga yetkazilishi haqida yozgandi.